Toshkentda piyodalarni turtib ketgan avtobus haydovchisi ishdan olindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Sergelida avtobus haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan ikki kishini turtib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi ma’lum qilishicha, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatilgan.
Qayd etilishicha, hodisa 30-mart kuni soat 17:50 atrofida 12-avtobus saroyi filialiga qarashli 104-sonli avtobus ishtirokida yuz bergan. 59 yoshli haydovchi S.A. «Yangi Sergeli» ko‘chasida harakatlanayotganda tartibga solinmagan o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodalarga yo‘l bermagan.
Tarmoqlarda tarqalgan videoda avtobus haydovchisi tezlikni kamaytirmasdan ona va bolani turtib o‘tgani aks etgan. Oqibatda piyodaning qo‘lidagi telefon va boshqa buyumlar yerga tushib ketgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, foydalanuvchilarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan. Bu esa mas’ul idoralarni zudlik bilan chora ko‘rishga undagan.
Holat tegishli rahbarlar ishtirokida tanqidiy muhokama qilingan. Natijada haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani ma’lum qilindi. Voqea bo‘yicha materiallar YHXB tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter