Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorning haqliligi prezumpsiyasi joriy etildi

Tadbirkorning haqliligi prezumpsiyasi joriy etildi

Prezidentning 2026-yil 27-avgustdagi PF–175-son farmoni bilan davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi ommaviy huquqiy munosabatlarda «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» joriy etildi.

Unga ko‘ra, davlat organi aksini isbotlamaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan hisoblanadi.

Sudda yoki nizoni hal qiladigan boshqa ma’muriy organda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi yoki qabul qilingan qarorning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etilganini isbotlash majburiyati davlat organi zimmasiga yuklanadi.

Yangi qoida tadbirkor va davlat organi o‘rtasidagi nizolarda dalillash yukiga oid yondashuvni belgilaydi. Tadbirkorning qonunchilikka muvofiq harakat qilgani dastlabki holat sifatida qabul qilinadi va aksini davlat organi isbotlashi kerak.

Shuningdek, qonunchilikni turlicha talqin qilish imkoni qolgan, bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyat va shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinishi nazarda tutilgan.

PF–175-son farmon tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan. Hujjat 2026-yil 28-avgustdan kuchga kirgan.

Farmonda, shuningdek, kichik tadbirkorlik subyektlarini tekshirishga uch yillik moratoriy joriy etish kabi choralar ham belgilangan. Bunda jinoyat ishi doirasidagi, inson salomatligi va mehnat qonunchiligiga oid ayrim tekshiruvlar, shuningdek, qonunda ko‘rsatilgan boshqa holatlar istisno qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring