Zararli «APK» dasturlarni sotish bilan shug‘ullangan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent shahar IIBB xodimlari hamda «Kiberxavfsizlik markazi» DM mutaxassislari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Telegram messenjerida zararli «APK» dasturlarni sotish bilan shug‘ullangan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zi yaratgan zararli «APK» dasturlarini 100-300 ming so‘m evaziga Telegram orqali 10 ga yaqin akkaunt foydalanuvchilariga sotgan.
Shuningdek, zararli dasturlarni sotib olgan mijozlarni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlab, ularga foydalanish jarayonida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha maslahatlar bergan.
Ta’kidlash lozimki, ushbu «APK» dasturlari yordamida o‘zgalarning Telegram messenjeridagi akkauntlariga ruxsatsiz ulanish, telefonlaridagi SMS xabarlarni o‘qish hamda to‘lov tizimlaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib olish mumkin.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs Telegram messenjeridagi 5 dan ortiq guruh va kanallarning administratori hisoblanib, ularda doimiy ravishda zararli «APK» dasturlarning imkoniyatlari to‘g‘risida postlar joylashtirgan.
Tezkor tadbir davomida undan 1 dona «Asus ExpertBook» rusumli noutbuk, 1 dona «Redmi Note 10 Pro» rusumli telefon apparati, 1 dona qattiq disk va 2 dona bank plastik kartasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter