2026-yilda tamaki va neft mahsulotlariga aksiz solig‘ini oshirish taklif qilinyapti
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qlingan 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan budjetnoma loyihasida ayrim turdagi, jumladan alkogol, tamaki va neft mahsulotlari uchun aksiz solig‘i o‘zgarishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirish, shuningdek, JSTning mahalliy va import qilingan tamaki va alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkalarini bosqichma-bosqich birlashtirish talablaridan kelib chiqib, ayrim turdagi mahsulotlar uchun aksiz solig‘i miqdorlarini o‘zgartirish taklif qilinmoqda.
Xususan, PF-85-sonli farmon va JST talablaridan kelib chiqib, 2027-yil 1-yanvarga qadar alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkalarini birxillashtirish maqsadida aroq, konyak va boshqa alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkasini 2026-yil 1-fevraldan boshlab mahalliy mahsulotlarga 1 litr uchun 48 ming so‘m, import qilinadiganga 1 litr uchun 60 ming so‘m hamda 2026-yil 1-iyuldan stavkalarni tenglashtirgan holda 1 litr uchun 48 ming so‘m etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 2026-yil 1-fevraldan boshlab mahalliy va import qilinadigan vino va pivo bo‘yicha quyidagi soliq stavkalarini belgilash taklif etilmoqda:
- tabiiy vinoning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 7 ming so‘m va import qilinadigan mahsulotlarga 12 ming so‘m hamda boshqa turdagi vinolarning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 9 ming so‘m va import qilinadigan mahsulotlarga 15 ming so‘m;
- pivoning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 3 ming so‘m va import qilinadigan mahsulotlarga 5 ming so‘m. 2026-yil 1-iyuldan boshlab aksiz solig‘i stavkalarini tenglashtirgan holda tabiiy vinoning 1 litri uchun 10 ming so‘m, boshqa turdagi vinoning 1 litri uchun 12 ming so‘m, shuningdek pivoning 1 litri uchun 4 ming so‘m miqdorida belgilash taklif etilmoqda.
2026-yil 1-yanvardan boshlab 1 litr iste’mol va texnik etil spirti uchun 15 ming so‘m aksiz solig‘i stavkasini saqlab qolgan holda, etil spirtining bosh fraksiyasiga aksiz solig‘ini 1 litr uchun amaldagi 15 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha pasaytirish taklif etilmoqda.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-fevraldan sigara, chilim uchun tamaki, o‘rama tamaki, qizdiriladigan tamaki tayoqchasi va veyplar uchun, 2026-yil 1-iyuldan esa filtrli, filtrsiz sigaretlarga soliq stavkalarini 7 foizga oshirish taklif etilmoqda. Bunda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qilinadigan mahsulotlar uchun bir xil stavka qo‘llagan holda sigaretlarning ming donasi uchun 365 ming so‘m, sigaraning bir donasi uchun 21,5 ming so‘m, chilim uchun tamaki, chekiladigan o‘rama tamakining 1 kg uchun 642 ming so‘m, qizdiriladigan tamaki tayoqchasining 1 kg uchun 481,5 ming so‘m, veyplarning 1 ml uchun 2,14 ming so‘m etib belgilash taklif etilmoqda.
2026-yil 1-apreldan boshlab tarkibida shakar yoki shirinlashtiruvchi modda mavjud bo‘lgan hamda energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar bo‘yicha tarkibidagi shakar moddasining miqdoriga qarab progressiv tartibda soliqqa tortish taklif etilmoqda.
Xususan, tarkibida shakar bo‘lgan 100 ml ichimliklardagi shakar miqdori:
- 5 grammgacha bo‘lganda 1 litri uchun 500 so‘m (amaldagi stavka);
- 5 grammdan 10 grammgacha bo‘lganda 1 litri uchun 515 so‘m;
- 10 grammdan yuqori bo‘lganda 1 litri uchun 535 so‘m.
Shuningdek, tarkibida shakardan boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklarga 1 litri uchun 500 so‘m hamda energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar uchun aksiz solig‘i stavkasini 1 litr uchun 2 150 so‘m etib belgilash taklif etilmoqda.
Bunda, umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tayyorlanib iste’molchilarga realizatsiya qilingan ichimliklarning aksiz solig‘iga tortilmasligi bo‘yicha aniqlashtiruvchi qoidalar kiritilmoqda, shuningdek tovarlar tarkibidagi shakar miqdori bo‘yicha ma’lumot iste’mol qadog‘ida ko‘rsatilmagan taqdirda eng yuqori soliq stavka qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
2026-yil 1-apreldan neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va yakuniy iste’molchilarga sotishda belgilangan aksiz solig‘i stavkasini 7 foizga oshirish, polietilen granulalari (10 foiz) va tabiiy gaz (12 foiz) uchun esa amaldagi soliq stavkasini saqlab qolish taklif etilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter