Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oltin arzonlashdi: O‘zbekiston zaxirasi 300 mln dollarga kamaydi

Oltin arzonlashdi: O‘zbekiston zaxirasi 300 mln dollarga kamaydi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-iyun holatiga 70,58 milliard dollarga yetgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 307,3 million dollarga kam ko‘rsatkich hisoblanadi.

Hisobotga ko‘ra, yalpi xalqaro zaxiralar hajmidagi pasayishning asosiy omili oltin zaxiralari qiymatining tushishi bo‘lgan. May oyi davomida jahon bozorida oltin narxi bir troy unsiya uchun 4 625,80 dollardan 4 516,85 dollargacha pasaygan.

Natijada mazkur omilning o‘zi zaxiralar qiymatiga taxminan 1,5 milliard dollarlik salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, mamlakat xalqaro zaxiralari hajmi yil boshiga nisbatan hanuz yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Zaxiralardagi oltinning umumiy qiymati 156,02 million dollarga qisqarib, 61,43 milliard dollarni tashkil etgan.

Biroq qiziq jihati shundaki, oltinning fizik hajmi kamaymagan. Aksincha, may oyida mamlakat zaxiralaridagi oltin miqdori 13,3 million troy unsiyadan 13,6 million troy unsiyagacha ko‘paygan.

Bu holat zaxiralardagi pasayish oltin sotilishi emas, balki jahon bozoridagi narx o‘zgarishlari bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Shu bois qiymat tushgan bo‘lsa-da, mamlakatning oltin aktivlari hajmi o‘sishda davom etgan.

Hisobot davrida zaxiralarning valyuta qismi ham qisqargan. Xorijiy valyutadagi mablag‘lar hajmi 8,72 milliard dollardan 8,57 milliard dollarga tushgan.

Ushbu mablag‘larning 5,72 milliard dollari xorijiy banklardagi depozit hisobvaraqlarida saqlanmoqda. Qolgan 2,85 milliard dollar esa xorijiy emitentlarning qimmatli qog‘ozlariga joylashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 2026-yil boshida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 66,31 milliard dollar bo‘lgan. Mart oyida esa mazkur ko‘rsatkich tarixiy rekordni yangilab, 77 milliard dollardan oshgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring