Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu byurokratiya-ku!» – parlamentda qabul qilingan qonun e’tiroz tug‘dirdi

«Bu byurokratiya-ku!» – parlamentda qabul qilingan qonun e’tiroz tug‘dirdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «Davlat boji to‘g‘risida» gi qonunning 8-moddasiga o‘zgartirish kiritishga doir qonun loyihasi qabul qilindi.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov bu haqda ma’lum qilar ekan, yangi tartib-qoida xorijda «El-yurt umidi» fondi ko‘magida doktorlik dissertatsiyasini (PhD) yozayotgan tadqiqotchilarga byurokratik to‘siq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

«(Yangi qonun bilan)«El-yurt umidi» fondi belgilangan muddatda ilmiy ishini himoya qilolmagan doktorantini sudga berish va qilingan xarajatlarni foizlari bilan qaytarib olish uchun imtiyozli murojaat huquqiga ega bo‘lmoqda! Fond suddagi g‘alabasi bilan o‘zi tanlab olgan doktorantni ilmiy intilishi yarmida sindirilgan, davlatdan o‘n minglab dollar qarzdor, norozi, birinchi imkoniyatdayoq xorijga chiqib ketish yo‘lini izlaydigan «umidsiz» ga aylantirib beradi», – deb yozdi «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari.

O‘zi ham pedagogika fanlari yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan Alisher Qodirovning fikricha, xalqaro tajriba davlatlar ilmiy tadqiqot masalasida olimlarni rag‘batlantirishdan manfaat ko‘rishini tasdiqlaydi.

«To‘g‘ri, muddat albatta bo‘ladi, lekin olim yangilik yaratish yo‘lida qo‘shimcha imkoniyat kerak ekanligini asoslab bersa, nega uni jazolash kerak? Menimcha, Fond davlat pulini qaytarish bilan, ilmiy tadqiqotga investitsiya qilish maqsadlarini adashtirib yubormoqda. Bu adashish «Umid»da bo‘lganidek xalqimiz kutayotgan umidlarini xorijdan izlab yurishimizga olib kelmasa bo‘ldi. Qolaversa, bu oddiy talaba emas, olimni yo‘qotish bo‘ladi va zarari pul bilan o‘lchanmaydi», – deydi siyosatchi.

Qonunchilik palatasi majlisidagi muhokamada «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari tanqid qilgan yangi tartibni oqlagan.

Xorijda turli yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqot olib borayotgan yurtdoshlarimiz ham «El-yurt umidi» fondining belgilangan muddatda ilmiy ishini himoya qilolmagan doktorantni sudga berish va xarajatlarni qaytarib olish amaliyotiga e’tiroz bildirmoqda.

«Qonunchilikda tartib va hisobdorlik kerak. Lekin PhD’ni oddiy o‘quv dasturi kabi tushunish – juda katta xato. Doktorantura bu tayyor bilimni o‘zlashtirish emas, yangi bilim yaratish jarayoni. Yangi bilim esa kalendarga qarab paydo bo‘lmaydi. Uch yil ko‘p holatda yetarli emas. Britaniya va Avstraliya kabi tizimlarda ham PhD amalda ko‘pincha 4-5 yilga cho‘ziladi, AQShda esa bu jarayon odatda yanada uzoq – 5-6 yil, ba’zan undan ham ko‘proq davom etadi. Shuning uchun «belgilangan muddatda tugatmadi = samarasiz» degan mantiq ilm tabiatiga to‘g‘ri kelmaydi», – deb yozdi Avstraliya milliy universitetida siyosiy fanlar yo‘nalishida PhD dissertatsiyasi ustida ishlayotgan tadqiqotchi Otabek Akromov.

Unga ko‘ra, bunday yondashuv tadqiqot sifatini pasaytiradi. Olim yaxshi ish qilishni emas, tezroq ishni «yopish» ni o‘ylaydi. Natijada chuqur, puxta va original izlanish o‘rniga, shoshilinch, xavfsiz, minimal talabni qondiradigan ishlar ko‘payadi.

«Ilmga bosimni moliyaviy jazo orqali berish – sifat emas, qo‘rquvni keltirib chiqaradi. Qo‘rquv natijasida esa yaxshi dissertatsiya yozilmaydi; u faqat odamni muddat quvishga majbur qiladi. Bu yerda davlat pulini himoya qilish bilan ilmga sarmoya kiritish o‘rtasidagi farq yo‘qolib qolyapti. Ilmiy tadqiqotga ajratilgan mablag‘ har doim ham kafolatli va tez qaytadigan investitsiya emas. Uning tabiati boshqacha: ba’zi tadqiqotlar sekin «pishadi», ba’zilari esa yo‘nalishini o‘zgartiradi. Lekin aynan shu jarayonning o‘zi ilmning normal mantig‘i. Agar davlat olimga «yo o‘z vaqtida tugatasan, yoki foizi bilan qarzdor bo‘lasan» desa, u holda davlat olim yetishtirmayapti, balki ma’muriy qo‘rquv ostida diplom ishlab chiqarish tizimini quradi», – deb ta’kidladi O.Akromov.

«PhD’ni 3 yilda tamomlash asli juda qiyin masala. Faqatgina bir necha davlatlarda bunga ruxsat beradi. Amerikada PhD o‘rtacha 4-6 yil. Ko‘plari o‘rtacha 6-7 yil deganda tamomlaydi. Oksfordda esa 3-5 yil beradi. Aksariyat odam 4-5 yil orasida tugatadi», – deya muddat emas, sifat birlamchi ekanini urg‘uladi Oksford universitetida sun’iy intellekt yo‘nalishida PhD dissertatsiya ustida izlanish olib borayotgan yurtdoshimiz Iqboljon Sobirov.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring