Jizzaxda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi
Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, joriy yilning sentyabr oyida mahalliy tadbirkor tomonidan qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uyning loyiha hujjatlarini tasdiqlab berib, evaziga 200 AQSh dollari oladi.
Keyinroq tadbirkor aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida ushbu ko‘p qavatli uyga yaqin joyda xususiy maktab qurish uchun loyiha hujjatlarini tasdiqlab berishini so‘rab, yana mazkur mansabdor shaxsga murojaat qiladi.
Bu safar esa u 6 mln so‘m talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Prokuratura organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i ushbu pul mablag‘ini o‘zining turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Mazkur moddaning ushbu bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Afsuski, mansabdor shaxslarning bu kabi noqonuniy harakatlari birinchi navbatda tadbirkorlarning, so‘ngra aholining iqtisodiy holatiga salbiy ta’sir qiladi. Inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘g‘anoq bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter