Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koreyaga ish va o‘qishga jo‘natishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Koreyaga ish va o‘qishga jo‘natishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

O‘zbekistonda Koreya Respublikasiga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, fuqarolardan pul olgan bir qator shaxslar qo‘lga olindi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda turli hududlarda faoliyat yuritgan gumonlanuvchilar ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jumladan, Xo‘jayli tumanida fuqaro A.R. o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali bir fuqaroni 10 250 dollar evaziga Koreyaga ishga jo‘natishini aytgan. U kelishilgan mablag‘ning 5 ming dollarini olgan vaqtda qo‘lga tushgan.

Samarqand viloyatida fuqaro J.X. ikki nafar fuqaroga ishchi vizasi rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 12 ming dollar talab qilgan. U oldindan 3 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Andijonning Oltinko‘l tumani, Sirdaryo viloyati va Navoiy viloyatining Konimex tumanida ham shunga o‘xshash holatlar fosh etilgan.

Eng katta holatlardan biri Farg‘ona viloyatida qayd etildi. Muqaddam sudlangan fuqaro D.R. 10 nafar fuqaroni Koreyaga ish va o‘qishga yuborish uchun 55 ming dollar talab qilib, 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvlar davomida mazkur shaxsning faoliyati yanada keng ko‘lamli ekani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u yana 46 nafar fuqarodan Koreyaga yuborish bahonasida jami 196 650 dollar mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Farg‘ona viloyatidagi yana bir holatda fuqaro A.T. ikki nafar fuqaroni Koreyaga o‘qishga yuborish uchun 9 600 dollar talab qilgan. Mazkur mablag‘ning bir qismi olingan vaqtda qonunbuzarlik fosh etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring