Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Muvaffaqiyatga sig‘inish» kulti yoxud yutuqlarsiz hech kim emasmiz(mi?)

«Muvaffaqiyatga sig‘inish» kulti yoxud yutuqlarsiz hech kim emasmiz(mi?)

foto: https://gagaru.club/

«Ona qarang, menga faxriy yorliq berishdi»...

Onam birinchi marta faxriy yorliqni uyga ko‘tarib kelganimda juda xursand bo‘lgandi. Ilk bor o‘zimni keraklidek va yaxshi qizdek his qilganman. Yaxshi va kerakli bo‘lish uchun keyin yana qanchadan-qancha shunday faxriy yorliqlarni ko‘tarib kelmadim uyga... Hozir maqtov qog‘ozlariga umuman qiziqmayman. Chunki uni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydigan onam yo‘q.

Maqola qancha faxriy yorliq olganimda emas... yorliqlarsiz, muvaffaqiyatlarsiz yashash mumkinligi tajribasini ham his qilayotganimda.

Musobaqaga aylangan hayot

«Aytchi, Pavlik Kanar oroli qayerga tegishli?»

«Mis chavandoz» poemasi qaysi shoirniki?»

«Pavlik yoga bo‘yicha bir talantingni ko‘rsat»

«Benzol formulasini kim tuzgan?»

Bolaligimizda bir kino bo‘lardi, «Katta bo‘lishni xohlamayman» degan  — kattalar orzusining qurboni bo‘lgan bolalik haqida. Ya’ni olti yoshli Pavlikning ota-onasi o‘g‘lining tengdoshlari orasida birinchilardan bo‘lishini xohlaydi. Ular uni doimo o‘qishga va muvaffaqiyatga erishishga undaydilar. Pavlik oddiy bola emas, u super-kuchli Pavlik! U kuch, aql va chaqqonlikda tengdoshlarini ortda qoldiradi  — u yugura oladi, daraxtlarga chiqa oladi, suzadi va boshi bilan tura oladi. U juda aqlli, yoga amaliyotlarini yaxshi biladi, psixologiyani tushunadi va Shekspirdan iqtibos keltira oladi...

Kino bugungi tushunchalarim orqali aytganda odamni emas, natijani muqaddas qilishning oqibati haqida.

Biz u paytlari «Katta bo‘lishni xohlamayman» filmini shunchaki kino deb ko‘rganmiz, lekin bugun, ijtimoiy tarmoqlarda «erishish» va «muvaffaqiyat» haqidagi bosimni ko‘rib, o‘ylaysanki o‘sha paytlari ham bu aktual muammo bo‘lgan, o‘zimiz anglamagan eng katta kamchiliklarimizni, yashash qoidalarini qiyinlashtirganimizni aytmoqchi bo‘lgan... Hozir  ham jamiyatda shunday illyuziya bor: kimdir katta lavozimda ishlasa, dunyo kezsa yoki millioner bo‘lsa — demak, u «muvaffaqiyatli». Ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarsiz kunimiz o‘tmay turgan bir davrda hammadan muvaffaqiyat kutamiz: kimdir sayohatga chiqqan, kimdir grant olgan, kimdir «storisda baxtli».

Bilgimiz kelgani va qiziqqanimiz: U qaysi lavozimda ishlaydi? Qancha diplomi bor, mashhurmi, nimaga erishdi? Hayot raqamlar va yutuqlar musobaqasiga aylangandek. Ammo u odamning ichki xotirjamligi, ma’naviy sog‘lomligi, insoniy munosabatlari qay darajada?   

Biz to‘xtasak, go‘yo orqada qolgandek bo‘lamiz

Hamma shoshadi. Sen ham yugurasan. Ammo qayerga?

Axir biz o‘zimizni isbotlash uchun yugurib, o‘zligimizni yo‘qotmayapmizmi? Ko‘pchiligimiz uchun hayotda yashashdan maqsad doim nimalargadir «erishish», «o‘zini isbotlash», «kimligini ko‘rsatish» bo‘lib qolgan. Biz kattalar bolaligimizda eng birinchi bo‘lish va besh baho ortidan yugurganimiz yetmaganidek farzandlarimizni ham shu musobaqaga qo‘shib yuborayapmiz: «Yut, ilgarila, boshqalardan orqada qolma!» Kamiga butun dunyo reklamalar bilan to‘lib-toshgan: «o‘zingni sev», «o‘zingga ishon», «barchasiga erish», «barchasi sening qo‘lingda». Ammo bu shiorlar ortida insonni kuchaytirish emas, uni to‘xtovsiz kurashishga chorlov turibdi. Ya’ni go‘yoki zamonaviy madaniyat inson qadrini faqat natijalar bilan o‘lchaydi: «o‘zingni yarat», «eng yaxshi versiyang bo‘l», «to‘xtama!». Reklama, ijtimoiy tarmoqlar va motivatsion murabbiylar bizga shunchaki «bor bo‘lish» yetarli emasligini uqtiradi. «Natijada, odamlar o‘z-o‘zini hurmat qilishni muvaffaqiyat bilan bog‘lab, ichki bo‘shliq va depressiyaga botishadi», — deydi  psixolog Semyon Krasilnikov. — «Freydning «Id va Ego» g‘oyasi bo‘yicha bu Idning bosh ko‘tarishi. Ya’ni inson ichki to‘lqinlariga (shon, e’tibor, boylik) to‘la bo‘yin egib, Ego va Superegosini qurbon qilgan. Muhimi muvaffaqiyatning o‘zi emas, uning obrazi. Freyd ta’limoti bo‘yicha Id xohishlar markazi, Ego  ularni reallikka moslashtiruvchi aql, Superego vijdon. Bugungi jamiyatda esa bu muvozanat izdan chiqqan. Id, ya’ni «istayman va hozir» degan tiyiqsiz kuch hukmronlikka o‘tgan. U odamni tinch qo‘ymaydi: ko‘proq yutuq talab qiladi. Ego uni oqlash bilan band, «men ko‘p ishlayman, chunki mehnatsevarman», deydi, ammo aslida tan olinishga chanqoq. Superego — vijdon va qadriyatlar esa chalkashtirilgan holda chetga surilgan. Shu tariqa inson ichki muvozanatini yo‘qotgan: u endi o‘zligini emas, faqat obrazini yaratib yashaydi.»

Erix Fromm bunga shunday izoh beradi: zamonaviy inson hatto o‘zini tovarga aylantirgan. «Men foydali bo‘lsam, arziyman», «men yaratuvchi bo‘lsam, demak borman».

Demak, biz maqtalganimizda tan olinamiz, bizning maqtalganimiz kerakli ekanimizni isbotlaydi: «sen faqat foydali bo‘lsang, qadrlisan».

Ammo shunchaki mavjud bo‘lish, shunchaki nafas olish, foydali bo‘lmaslik  haqida nima deyish mumkin?

Karl-Xayns Brish ta’kidlaydi: «Foydali bo‘lganingiz uchun muhabbatga loyiq ko‘rilishingiz hissiy shantajning bir turidir».

Ya’ni Vinnikot Donald Vuds yozganidek, «yetarlicha yaxshi ona» ideal ona emas, balki uning borligi, tirikligi muhim. U atrofimizdagi odamlarni, yaqinlarimizni tirikligi va borligi uchun xatolari bilan sevishimizni uqtiradi. Haqiqiy muvaffaqiyat esa seni baxtli qiladigan oddiy narsalarni yo‘qotmaslikda.

2020-yil tasvirga olingan «Qalb» (Soul) multfilmida bosh qahramonning shunday fikri bor: «Balki mening talantim — osmonni kuzatish va shunchaki sayr qilishdir. Masalan, men sayr qilishni san’at darajasiga ko‘targanman.» Bu so‘zlarda hayotning butun ma’nosi yashiringan.

Biz doimo nimadir ershishimiz kerak deb o‘ylaymiz, go‘yo xotirjam yashash, ko‘chada sayr qilish, osmonga qarash yoki shunchaki tirik bo‘lish kamdek.

Ammo ehtimol, haqiqiy talant mana shudir: har bir kuningni yutuqlarsiz ham chiroyli qilish, nafas olishni baxt deb bilish va erishishni emas,  his qilingan qiymatni qadrlash.

Axir hayot har bir odamdan katta sahna yaratishni talab qilmaydi.
Ba’zan uning eng go‘zal sahnasi — shunchaki oddiy sayr bo‘lishi mumkin.

Ehtimol, siz ham, men ham, anavi ketib borayotgan bola ham shunchaki sayrni san’at darajasiga chiqara oladigan  insonlarmiz. Shuning o‘zi yetarli emasmi?

Bolalikda sport yoki matematika to‘garagiga majburlangan bola katta bo‘lgach, «to‘xtash to‘garagi»ni ixtiyoriy tanlashi kerak.

Chunki to‘xtash — bu taslim bo‘lish emas, nafas olishdir.

Balki hayotda hamma narsa «buyuk ish» bo‘lishi shart emasdir? Balki haqiqiy talant oddiy yutuqlarsiz, muvaffaqiyatlarsiz yashash, har bir kunni his etish, toza havodan bahra olish, shamolni, odamlarni, musiqa va shovqinni tushunishdir?

Balki, omad va omadsizliklarga to‘lgan bu dunyoda eng katta jasorat —   to‘xtashdir.

Ha, shunchaki to‘xtash...

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring