Ota-onadan qolgan behisob boylik
Shaharchilik-da, ba’zan: «Ota-onangizdan nima meros qoldi?» deb so‘rab qolishadi. «Ota-onamdan menga behisob boylik qoldi, hayotda nimaga erishgan bo‘lsam, shu meros tufayli erishdim», deb javob qaytaraman.
Boy-badavlat kishilar to‘plagan pullarini omonat kassalarida saqlab, oyma-oyiga daromad olishadi. Men esa ota-onamdan eshitganlarim, qulog‘imga quyilgan gaplarni dilimga joylab olganman va ulardan oyma-oyiga emas, har kuni, har soatda, har bir holatda naqd foyda topaman.
Dadam har ikki gapning birida: «Ko‘cha-ko‘yda behuda gap ko‘p. Quloq solmaslik kerak. Mana men, qulog‘im og‘irlashib qoldi, ammo xafa emasman, g‘iybat, fisqu fasod gaplarni eshitmayman. Ko‘zim xiralashdi, mayli, shunisiga ham shukur – keraksiz narsalarni ko‘rmayman», der edilar. Birov o‘rinsiz laqillay boshlasa, «Jiyanim, bu gapingni qo‘y, bo‘ladigan gapni gapir, og‘zingni bekorga charchatma», deb yengil tanbeh berardilar.
Bir gal qarindoshlarimizdan biri dadamning oldiga kelib, qishloqqa bosh-qosh bo‘lib turgan rahbardan shikoyat qilib qoldi. «Hammasi o‘zini o‘ylaydi, xirmonni o‘pirib yubordi, ko‘ziga nima ko‘rinsa, uyiga tashiydi, bizga o‘xshaganlarga ariqdagi suvni ham ravo ko‘rmaydi», deya nolidi. Dadam uning gaplarini diqqat bilan eshitdilar, arzini aytib bo‘lganidan keyin, quyuq qoshlarini chimirib: «Jiyanim, tushundim, ammo... gapingning ushovi yo‘q, hammasi bekorchi gaplar. Undan ko‘ra bir ishning etagidan tutsang bo‘lmaydimi, kap-katta odamsan-a», deb urishib berdilar.
Dadamning nasihatlari har kuni yodimga tushib turadi. Endi men ularni shaharda tug‘ilib ulg‘aygan farzandlarim, nabiralarim qulog‘iga quyaman. Mana, ulardan ayrimlari:
«Elga qarab ish tutinglar, elga aralashib, bir koriga yarab yuringlar. Eldan chiqish – o‘limdan yomon. To‘y-ma’raka qilmoqchi bo‘lsangiz, mahallaning oldidan o‘ting, qarindosh-urug‘ning fikrini biling. Bolalaringizning rizqini qiymang, qarz ko‘tarmang. Juda oshirib yubormang. Isrofdan yomoni yo‘q. Ehson dasturxoningiz pokiza bo‘lsin...»
«Hamisha shukur qilib yashanglar. Hech qachon nolimanglar. Noligan odamning uyidan baraka qochadi. Qorningiz och bo‘lsa ham, o‘zingizni to‘qday tuting. Uyda yotib qolsangiz, birov sizni ko‘rgani kelsa, «Tuzukman, kechagidan ko‘ra ancha yaxshiman» deng, hasrat qilmang, o‘ziniki o‘ziga yetadi...»
«Qarindoshlardan uzoqlashib ketmanglar, bordi-keldi qilinglar, yo‘qlab turinglar. Bolalaringiz bir-birlarini tanishsin, ko‘cha-ko‘yda bir-birlariga salom berib o‘tishsa, qandoq yaxshi».
«Badjahl, behuda gapni ko‘p gapiradigan, og‘zi beparda odamlarning suhbatidan qochinglar. Umrni isrof qilish kerak emas».
«Erkakmisan, erkak maqomida tur. Maydalashib, bo‘lar-bo‘lmas gaplarga aralashib ketgan kishi beburd bo‘lib qoladi. Shundan yomoni yo‘q...»
«Yoshi ulug‘larning oldida odob saqlab, ziyrak o‘tirish kerak. Kattalardan oldin gap boshlamang. Biror narsani so‘rashsa, bilsangiz – ayting, bilmasangiz o‘zlaridan so‘rab bilib oling. Izdihomlarda mahmadonalik qilishdan yomoni yo‘q. Ulug‘larning nazariga tushish osonmas – yo duo olasiz, yo ko‘zikib ketasiz».
«Ba’zilarga hayron qolaman, o‘zi duppa-durust odam, es-hushi joyida, ammo birov «Baqqa yur», desa, mazang kampirning aravasiga ergashgan boladay zipillab ketaveradi. Qayoqqa borayapti – o‘ylab ham o‘tirmaydi. Sanqib-sanqib, oxiri bir kuni boshi bilan jarga qulaganida ko‘zi ochiladi...»
«Yoshi ulug‘ kishilar bilan yonma-yon o‘tirib, taom yesangiz, oshning go‘shtini yupqa, oqsoqollar barmoqlari orasiga olib ezg‘ilab, yumshatib yeydigan qilib to‘g‘rang. Choyni oz-ozdan quying.
Qovun so‘ysangiz, uch kosa qilib so‘ying, pichoq uruqqa tegmasin. Tarvuz so‘ysangiz – ikki pallaga ajrating. Anorni qonini oqizmay so‘ying, dasturxonni iflos qiladi».
«Taom yeyishda odob ko‘p. Ba’zilar, yomondan yorti qoshiq deganday, laganda bir osham – yarim osham qoldirishadi. Oxirgi osham osh parvardigorga «E, yaratgan egam, ishqilib men yeyilmay qolib ketmayin-da, isrof bo‘lmayin-da», deb yig‘lab turar ekan».
«Mehmonga borganda u yoq-bu yoqqa alanglamay, dasturxonga qarab o‘tirish kerak. Ustozlar bizga shunday ta’lim berishgan. Oldingizga qo‘yilgan taomni maqtab-maqtab yeng, kamchiligini aytmang».
«Xotinlaringizni boy-badavlat kishilarnikiga mehmonga kamroq olib boringlar. Xotin kishi-da, xayoliga: «O‘h-ho‘, rosa zo‘r yashashar ekan-da, bizda bo‘lsa hech vaqo yo‘q», degan fikr kelishi mumkin».
«Qo‘ni-qo‘shni to‘y-ma’raka qilib, sizlardan qozon-tovoq, kigiz, ko‘rpacha so‘rasa, darhol beringlar. Uyga ortiqcha narsalarni yig‘manglar, hasham qilib, tokchaga terib qo‘ymanglar. Hovliga daraxt eksanglar, soyasi qo‘shnining hovlisiga tushmaydigan qilib ekinglar. Qo‘shniga ko‘rinib turgan bitta shoxining mevasi – ularniki. Jonliq so‘ysanglar, ozroq nasiba beringlar. Dumbayog‘ eritsanglar, jizzasidan uzatinglar».
«Madrayimboy, Toshvoy bilan oltmish yildan ortiq qo‘shnichilik qildik, oramizdan biror gap o‘tmadi. Mendan keyin ham ahil-inoq bo‘linglar. Ariq, suv talashmanglar, biror kamchiligini yuziga solmanglar. Uylarida yo‘q payti mol-holidan xabar olib turinglar».
«Bozorga borsangiz, qo‘shnilardan: «Sizlarga biror narsa zarur emasmi?» deb so‘ranglar. Bozordan qo‘shningiz yo qarindoshingiz uchun narsa olganingizda, savdolashib olinglar».
«Ikki kishi janjallashib qolib, oldingizga kelishsa, qaysinisini avval tinglasangiz, o‘sha haqqa o‘xshab ketadi. Ikkalasini eshitib bo‘lib, keyin bir to‘xtamga kelinglar. Urishganlarning orasiga tushishni uncha xush ko‘rmayman, ammo ularni yarashtirib qo‘yish – ulug‘ savob».
«Bolalaringiz qo‘shni bolalar bilan janjallashib qolishsa, jahl otiga minmang, ayb balki sizning bolangizdadir...»
«Toshkanboy o‘g‘lim (menga aytayaptilar), bolalaringiz butunlay shaharlik bo‘p ketishmasin, qishloqqa kelib turishsin. «Dom» odamni po‘k qilib qo‘yadi, to‘rt qadam joyga ham moshinda boradimi, po‘k bo‘ladi-da. Yozda qishloqda yursa, meva-cheva yeydi, ot, eshak minib pishadi, chiniqadi, hadeb kasal bo‘lavermaydi. Bolalarga qarindosh-urug‘larni tanitib qo‘ying, uzilishib ketishmasin».
«Qarindoshmi, begonami – kimnikiga borsangiz, qo‘lingiz quruq bo‘lmasin, hech bo‘lmasa ikkita non olvoling, oldingizga qo‘yadi. Mehmonda uzoq o‘tirmanglar».
«Mehmondo‘st bo‘linglar. Mehmonlar uyga farishtalar bilan birga kirib keladi, degan gap bor».
«Uydagi gapni ko‘chaga chiqarmanglar, chuvalashib ketadi. Xotinlarning adi-badisidan balandroq turinglar».
«Isrofdan qo‘rqish kerak. Dalada pichan o‘rsangiz, isrof qilmay, tozalab, tag qilib o‘ring, ekinga suv tarasangiz, milmillatib sug‘oring, ariqdan toshib, behuda oqib yotmasin».
«Bolalarni me’dasi to‘q qilib tarbiyalanglar. Mehmon o‘tirgan dasturxonga o‘rgatmanglar».
«Qo‘ni-qo‘shnidan bir nima olsangiz, vaqtida qaytaring. Ro‘zg‘orni hamisha but qilib qo‘yinglar. Ko‘pchilikning oldida birovni izza qilmanglar».
«Amal ketsa ketsin, mol-dunyo ketsa ketsin, ammo burd ketmasin. Ana, falonchi (uzoqroq qarindoshimiz), uyda ham, ko‘chada ham obro‘si yo‘q, burdini berib qo‘ygan. Birov gapiga quloq solmaydi, chunki o‘zi aytgan gapga o‘zi amal qilmaydi-da. Yana hammadan xafa bo‘lib yuradi. E, tavba...»
«Odam ko‘chaning yo uyog‘ida-yo buyog‘ida bo‘lishi kerak. O‘rtada baqaterakday qaqqayib turib qolgandan yomoni yo‘q. Musulmonmisan, musulmonga yarashiqli ish qil, mahallaga qo‘shil, issiq-sovuq ma’rakada ko‘rinib tur, yo bo‘lmasa o‘rtoq Brijnipni otam deb, qo‘lingni peshonangga tirab, yer tepib yuraver, o‘lganingda o‘shalar kelib, qizil lattaga o‘rab ko‘mishadi».
«Uying tor bo‘lib qolsa, qabristonning yeridan qo‘shib ol, machitning yeridan qo‘shib ol, ammo ko‘chani qo‘shib olma». Bu gapni mulla Jo‘ra oxun peshqadamdan eshitganman. Mendan keyin yo o‘zingiz, yo bolalaringiz uyni yangilamoqchi bo‘lishsa, devorni tashqariga emas, ozroq ichkariga surishsin, savobning tagida qolasiz...»
«Axlat o‘rasi, kir o‘rasi bo‘lmagan hovlini hovli deb bo‘lmaydi».
«Ota-bola, aka-uka, tog‘a-jiyan, qarindosh-urug‘ning o‘rtasiga pul tushmagani ma’qul. Pul pulligini qilib, bir qorindan tushgan ikki jigarni bir-biriga dushman qilib qo‘yishi mumkin».
«Mol-dunyoni haddan ziyod to‘plagan odamning jon berishi qiyin deyishadi. Bu gapni unutmanglar...»
«Bo‘yga yetgan qizingizga devonadan sovchi kelsa ham, sovchilik hurmatini joyiga qo‘yinglar».
«Ko‘chadan o‘tayotganda darvozasi ochiq hovlilarga mo‘ralamanglar».
Ahmadjon Meliboyev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter