O‘zbekiston aholisi necha yoshda nikoh qurayotgani ma’lum bo‘ldi
2025-yilda O‘zbekistonda birinchi marta nikohdan o‘tayotgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 25,6 yoshni, ayollarniki esa 21,4 yoshni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklar uchun mazkur ko‘rsatkich 2024-yildagi 26,2 yoshdan 25,6 yoshga tushgan. Ayollarda ham o‘rtacha nikoh yoshi 21,8 yoshdan 21,4 yoshga pasaygan.
Statistik ma’lumotlar nikoh yoshi o‘tgan o‘n yilliklar davomida bosqichma-bosqich o‘zgarib kelganini ko‘rsatadi. Erkaklar orasida 2000-yilda birinchi nikohning o‘rtacha yoshi 24,2 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilga kelib bu ko‘rsatkich 26,4 yoshgacha ko‘tarilgan.
Keyingi yillarda esa ma’lum darajada pasayish qayd etildi. Xususan, 2024-yilda 26,2 yoshni tashkil etgan ko‘rsatkich 2025-yilda 25,6 yoshga tushdi.
Ayollar o‘rtasida ham shunga o‘xshash dinamika kuzatilmoqda. Agar 2000-yilda birinchi nikohning o‘rtacha yoshi 21,4 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2015-yilda bu raqam 22,5 yoshga yetgan. Keyingi yillarda esa asta-sekin pasayish kuzatildi.
2025-yil ko‘rsatkichlari erkaklar va ayollar o‘rtasida birinchi nikoh yoshi yana 2000-yillar boshidagi darajalarga yaqinlashayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, ayollar uchun o‘rtacha nikoh yoshi 2000-yildagi kabi 21,4 yoshni tashkil qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter