Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bo‘ldi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi binosi va o‘quv-ilmiy faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilgan edi.

Akademiya qisqa vaqt ichida tor ixtisoslashgan ta’lim muassasasidan prokuratura va tergov-surishtiruv organlari uchun kadrlarni yagona yondashuv asosida tayyorlaydigan, ta’limning uzluksiz tizimiga ega bo‘lgan, to‘laqonli ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga aylandi.

Akademiyaning professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlari tarkibi prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ilmiy va ekspertlik muassasalarida amaliy tajribaga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirildi.

O‘tgan davrda Akademiyaga biriktirilgan hududdagi infratuzilma izchil kengaytirilib, besh qavatli ma’muriy bino, zamonaviy oshxona, mehmonxona va talabalar uchun kovorking maydoni qaytadan barpo etildi hamda konferens-zal, kutubxona tubdan rekonstruksiya qilindi.

Bundan tashqari, 2 ta o‘quv korpusi va 2 ta yotoqxona binolari qayta ta’mirlanib, ta’lim oluvchilarni qamrab olish imkoniyati ikki baravarga oshirildi. Hozirda esa ochiq va yopiq sport majmualarining qurilishi davom etmoqda.

Nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida kriminalistika poligonlari, sud protsessi imitatsiyasi uchun maxsus zallar, Gezell oynasi bilan jihozlangan so‘roq va tanib olish xonalari, kiberpoligon, “darknet” va sud-ekspertizasi laboratoriyalaridan iborat jami 12 ta maxsus xona barpo etildi.

Akademiyada oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura yo‘lga qo‘yilgan. 2023/24 o‘quv yilidan mamlakatimizda ilk marotaba “Turli tizim – yagona yondashuv” tamoyili asosida bakalavriatning “Tergov faoliyati” va “Prokurorlik faoliyati” ta’lim yo‘nalishlarida o‘quv jarayonlari tashkil etildi. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan “kiberprokuror” va “kibertergovchi”larni tayyorlash uchun kelgusi yildan boshlab “Kiberhuquq” bakalavriat yo‘nalishi tashkil etiladi.

Magistraturada “Tergov faoliyati”, “Prokurorlik faoliyati” shuningdek, milliy ta’lim tizimida yagona bo‘lgan “Korrupsiyaga qarshi kurash faoliyati”, “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab, “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi.

Malaka oshirishning sifat jihatidan yangi tartibi joriy etilib, prokuratura va tergov organlari xodimlarining har uch yilda kamida bir marta uzluksiz malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Prokuratura organlarining rahbar kadrlarini qayta tayyorlash, yangi qabul qilingan xodimlarning boshlang‘ich ixtisoslashuvini ta’minlash, vakolatli organlar surishtiruvchi va tergovchilarini qayta tayyorlash bo‘yicha yangi tizim yaratildi.

Masofaviy va aralash kurslar hamda xodimlarning ehtiyojlariga asoslangan ta’limning elektiv modeli qo‘llanib kelinmoqda. Bu – har bir xodimga butun xizmat faoliyati davomida shaxsiy ta’lim trayektoriyasi bo‘yicha o‘z malakasini uzluksiz oshirib borish imkonini yaratadi.

Portal orqali masofaviy va aralash kurslarni sun’iy intellekt texnologiyalari asosida joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda sun’iy intellekt asosida yaratilgan virtual assistent va haqiqiy tergov amaliyotida uchraydigan muammoli vaziyatlarni aks ettirgan raqamli simulyasiya videolari keng qo‘llanilmoqda.

Aholiga bepul huquqiy maslahat berish uchun yuridik klinika va maxsus elektron platforma faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu faoliyatga talabalar jalb etilib, tajribali mutaxassislar rahbarligida amaliy ko‘nikmalarini shakllantirmoqda.

Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi tashkil etilgan. Mazkur yo‘nalishda magistrlarni tayyorlash, shuningdek, ilmiy kengash faoliyatini ilmiy uslubiy jihatdan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.

Kiberjinoyatchilik va boshqa global tahdidlarga qarshi kurashish hamda bu borada malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida o‘tgan yilda Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida Akademiya tarkibida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Ahamiyatlisi, zamonaviy kiberlaboratoriyada 439 ta murakkab raqamli tadqiqot va ekspertiza o‘tkazilib, 189 ta kiberjinoyat fosh etilgan.

Akademiyaning loyiha ofisida AQSh, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Sloveniya va Shvetsiya kabi davlatlardan jalb qilingan ekspertlar hamkorligida 15 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

Akademiyada 10 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy darajalarini beruvchi kengash faoliyat olib boradi. Shundan “Korrupsiya muammolari” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy kengash mamlakatimizda yagona bo‘lib hisoblanadi. Akademiyaning ilmiy salohiyati uch yil ichida 26 foizdan 67 foizga yetkazildi.

Prezidentimiz Akademiyaning sud protsessi imitatsiyasi uchun maxsus zallari, so‘roq va tanib olish hamda boshqa ixtisoslashtirilgan xonalari, axborot-resurs markazida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi, talabalar bilan muloqot qildi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring