Prezident Qurbon hayiti bo‘yicha qarorni imzoladi
Prezident Qurbon hayiti bo‘yicha qarorni imzoladi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2026-yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 27-may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilandi.
Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilindi:
-Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitning birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilangani;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-dekabrdagi «2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida» gi PF–257-son Farmoni bilan quyidagilar qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilangani:
-ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2026-yilning 28-may – payshanba, 29-may – juma kunlari;
-olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30-may – shanba kuni.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter