Profilaktika – sog‘lom kelajak garovi: Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar erta aniqlanadi
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida aholi salomatligini mustahkamlashda profilaktikaga alohida e’tibor qaratilgan. Loyihada 40 yosh va undan katta aholi orasida qandli diabet hamda arterial gipertoniyani erta aniqlash ko‘rsatkichlarini oshirish, qon tayyorlash hajmini ko‘paytirish va keksalarni muntazam profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha maqsadli indikatorlar belgilangan.
Strategiya loyihasiga muvofiq, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va aholi salomatligini saqlashda profilaktika samaradorligini oshirish rejalashtirilmoqda. Ayniqsa, 40 yosh va undan katta aholi guruhida keng uchraydigan kasalliklarni erta aniqlashga qaratilgan tadbirlar kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada kattalar orasida (40 yosh va undan katta) qandli diabetni erta aniqlash ko‘rsatkichini 70 foizgacha, shuningdek, arterial gipertoniya kasalligini erta aniqlash ko‘rsatkichini 70 foizgacha oshirish maqsad qilingan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish orqali kasalliklarning asoratlarini kamaytirish, davolash samaradorligini oshirish va erta o‘lim xavfini pasaytirishga intilish nazarda tutiladi.
Qon xizmati tizimini mustahkamlash ham profilaktika va davolashning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etilgan. Loyihaga ko‘ra, tayyorlangan qon miqdorini 450 ming litrga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, shoshilinch tibbiy yordam, jarrohlik amaliyotlari va qator kasalliklarni davolashda qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyojni barqaror qoplashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sog‘lom va faol keksalikni ta’minlash doirasida 55 yosh va undan katta aholining 90 foizini har yili profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish vazifasi ham belgilangan. Bundan tashqari, 40 yosh va undan katta aholi orasida jismoniy faol aholi ulushini 50 foizga oshirish maqsad qilingan (2025–2030 yillar oralig‘ida har 5 yilda bir marotaba tadqiqot o‘tkazish rejalashtirilgan).
Mazkur chora-tadbirlar yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, aholining sog‘lom turmush tarziga intilishini kuchaytirish va umumiy salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter