Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

«Qoching, yo‘lini to‘smang, onamning tobutini videoga olsin... »

«Qoching, yo‘lini to‘smang, onamning tobutini videoga olsin... »

Foto: Xabar.uz

Olomon ichidan lopillab chiqib ketayotgan tobut oldini to‘sib chiqqan o‘g‘ilning mahalla raisini itarib yuborgancha unga qilayotgan baqir-chaqiri atrofdagilarni sergaklantirdi. U yelkasiga zil-zambilday kamera ilib olgan videotasvirchiga yo‘l ochib: «Qoching, yo‘lini to‘smang, onamning tobutini videoga olsin...»—derdi.

Ramazonning ikkinchi kuni qishloqdoshimiz Musharraf buvining vafot etgani xabarini yetkazishdi. Janozaga bordik. Musharraf buvining o‘g‘illari hovli-joyni juda hashamatli qilib yuborishgan ekan. Azador xonadonning egalari ko‘ngil so‘rab keluvchilarni shunaqa kutib olishyaptiki, to‘g‘risi, to‘ygami, azagami kirib borganimizni bilmay, esankirab qoldik. Did bilan bezatilgan, chamasi, 200-300 kishiga mo‘ljallangan «buyurtma» stol-stullar. Dasturxonlar o‘rnida adras matolar to‘shalgan. Turli xil meva-cheva, qand-qurs, yaxna ichimligu, ishtahabop salatlar, shirin pishiriqlar bilan liq to‘la. Ko‘pchilik ro‘zador. Ular uchun bu judayam erish manzara edi.

—Tog‘a, nimalar deyapsiz, bitta qo‘chqor nimaga yetadi, ikkita so‘yamiz. Harqalay, mahalla-ko‘y oldida obro‘yimiz bor. Hali tobutni chiqargach, kazo-kazolar kelishadi.

— Sen to‘y qilmayapsan, jiyan, ortiqcha dahmazaning keragi yo‘q!... Shu saxovatingni opamning tirigida ko‘rsat edi,- deydi jazavaga tushgan ko‘yi tog‘a.

Gapga mahalla raisi aralashdi:

— Tog‘ang to‘g‘ri aytyapti. Hozir bunday dahmazalarga chek qo‘yilgan. Yo‘qsa, javobgarlikkacha tortilasan!-dedi.

— E-e, qonunshunosligingizni qo‘ysangiz-chi! Sizni onamni janozasiga amakim, deb chaqirdim, mahalla raisligingizni idorangizda qilasiz!—qo‘pollashdi o‘g‘il.

Tog‘a, jiyan, amakivachchalar bir-biriga o‘dag‘aylagan, o‘shqirgan. Janozaga kelgan odamlar hangu-mang.

Tog‘a uniqib yig‘ladi. Amaki titradi. Lekin, salobatli o‘g‘illarning esa ko‘zlarida bir tomchi yosh yo‘q.

Katta o‘g‘il ukasidan asabiy holatda so‘rayapti:

- Murdasho‘y (o‘lik yuvuvchi) ishini qilib bo‘ldi. Onamni «chiqararkanmiz». Qani, aytgan odaming!

- Hozir, aka, telefon qildim, yo‘lda ekan.

- E-e, sani o‘sha... senga ishongan odam... Bo‘l tez, odamlar kutib qoldi...

Ta’ziyaga kelganlar aka-ukalarning jonsarakligini ko‘rib, nima gapligini tushunmay, ularga qarashdi. Hamma tomosha endi boshlanayotganini ular qayerdan ham bilishsin.

Bir payt yelkasiga katta sumka ilgancha, azadorlar orasini yorib, tobut boshida videokamerali yigit paydo bo‘ldi... (Shu yerda ko‘z oldingizga ta’ziya marosimlari o‘tgach, bitta arog‘u yaxna salatlarni mayin qilib, televizor qarshisida mukka tushgancha, onaizorning so‘nggi manzilga ketar chog‘ini tomosha qilib turgan o‘g‘illarni keltiravering).

Ko‘ngilga qil sig‘maydigan kezda bunday bachkana amallar azadorlarning ko‘ngliga qanday sig‘arkan?! O‘z onasining janozasi ortidan obro‘ topmoqchi bo‘lgan noqobil farzandlarni qanday atash mumkin?!

Odamlar o‘g‘illarning mash-mashalarini ortiq kutib turishmadi. Ikki o‘g‘il o‘zining «tashkiliy» ishlari bilan band bo‘lib turganda, qishloqdosh erkaklar tobutning to‘rt «oyog‘i»ga yelka tutishdi. Tobut begonalar yelkasiga «ko‘chib-ko‘chib» o‘tardi.

Olomon ichidan lopillab chiqib ketayotgan tobut oldini to‘sib chiqqan o‘g‘ilning yo‘lini mahalla raisi to‘sdi. «Xudoga shak keltirma, tobut yo‘lini to‘sma»,—deya baqirdi u. To‘rt tarafdan odamlar ham o‘g‘illarga tanbeh berib, tarbiyaga chaqirishdi. Afsuski, o‘g‘il mahalla raisini itarib yubordi, unga baqir-chaqir qildi. Atrofdagilar sergaklandi. Atrofdagilar qattiq jahlga to‘lishdi. Shunga qaramasdan, o‘g‘il yelkasiga zil-zambilday kamera ilib olgan videotasvirchiga yo‘l ochib: «Qoching, yo‘lini to‘smang, onamning tobutini videoga olsin...»,—deyishdan to‘xtamas edi.

«Xayf, senday farzandga! Yo‘lni bo‘shat!»-deya yoshi keksa bir otaxon tobut yo‘lini to‘sayotgan o‘g‘il va tasvirchi yigitni turtib yubordi.

Bu voqea bir zumda qishloqqa yoyildi.

...Musharraf buvining mayitini odamlar tuproqqa qo‘yishdi... ammo, shu kuni ta’ziyaxonaga erkaklar qaytib kirishmadi. Ikki o‘g‘il esa qishloqdagi bir nechta xotin-xalajlar bilan sho‘rva tortilgan dasturxon, o‘choqda obi-tobida pishgan qozonga xo‘mrayib qaragancha qolishdi...

«O‘zbekning to‘y-ma’rakasi ko‘p. Bola tug‘ilganda, tirnoq to‘yi, soch to‘yi, beshik to‘yi, sunnat to‘yi, baxt to‘yi, hovli to‘yi, o‘g‘il to‘yi, nevara to‘y, evara to‘y, chevara to‘y... xullas, tinib-tinchimagan xalqimiz bahona topsa, to‘y qiladi, bazm qiladi. Shuncha ta’qiq, chora-tadbirlarga qaramay, to‘y-ma’rakalarini qarzga botsa-da, bekamu-ko‘st, dabdabali o‘tkazishgani yetmagandek, marhumlarga atab qilinadigan marosimlarni ham xuddi to‘ylardagidek o‘tkazishayotganini ko‘rib, lol qolasan, kishi. Serhashamlikka, kimo‘zarlikka berilishning sinoati ko‘p. Ramazon kunlarining xayru-savobi uchun Musharraf buvini o‘g‘illarining bugungi kalondimog‘ligini o‘zi yarlaqasin. Avf va kechirimda bo‘laylik. Shuncha ne’matlarning isrof bo‘lishiga qarab turmay, muborak kunlarda nochorlarga tarqating»,—dedi otinoyi va vafot etganning haqiga duo tilovat qildi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring