Texnikum o‘quvchilariga «Work and Travel» dasturlari uchun ssuda ajratiladi
O‘zbekistonda texnikum o‘quvchilarining xorijda ishlash va sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida «Work and Travel» xalqaro dasturlarida ishtirok etish uchun ssuda ajratish tartibi joriy etiladi.
Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida nazarda tutilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikumlarning o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiyadagi «Work and Travel» dasturlarida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Dastur doirasida o‘quvchilarning xorijga borish-kelish va boshqa tashkiliy xarajatlarini qoplash uchun Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan har yili 500 nafargacha o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida ssuda ajratish rejalashtirilmoqda.
Ssuda olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. O‘quvchilar mazkur mablag‘ni dastur doirasida xorijda bo‘lish muddati tugaganidan keyin bir oy ichida qaytarishi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, Migratsiya agentligi har yili xorijiy ish beruvchilar ro‘yxatini shakllantirib, ularni xorijdaish.uz platformasiga joylashtirib boradi. Agentlik xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash choralarini ham ko‘radi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus yoshlarning xorijiy tillarni amaliy o‘rganishi, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni egallashi va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter