Toshkentda 3 ta bozorning ayrim qismlari vaqtincha yopildi
8-aprel kuni Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi tomonidan poytaxtdagi uchta bozorda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazildi.
Tekshiruvlar Yashnobod tumanidagi «Aviasozlar» dehqon bozori, Shayxontohur tumanidagi dehqon bozori hamda Chilonzor tumanidagi buyum bozorida amalga oshirildi.
Nazorat jarayonida ayrim hududlarda yong‘in xavfsizligi talablari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi. Xususan, ochiq elektr simlari, yong‘in xavfini keltirib chiqaruvchi holatlar, yong‘in o‘chirish jo‘mraklarining nosozligi yoki mavjud emasligi qayd etildi.
Shu sababli qoidabuzarliklar aniqlangan hududlar elektr ta’minotidan uzilib, kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ularning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Faqat poytaxt emas, balki hududlarda ham shunday tekshiruvlar o‘tkazildi. Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida joylashgan «Qurilish materiallari» savdo majmuasida ham qator jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Bu yerda ochiq elektr simlari, yong‘indan xabar beruvchi tizimlar va o‘chirish vositalarining yo‘qligi, binolardan noto‘g‘ri foydalanish holatlari qayd etildi. Natijada majmua faoliyati qisman to‘xtatildi.
Urganch shahridagi «Urganch» buyum bozorida esa maishiy propan gaz ballonlaridan noqonuniy foydalanish, evakuatsiya chiqish yo‘llarining yopiqligi va ochiq elektr tarmoqlari kabi xavfli holatlar aniqlandi. Bu yerda ham bozor elektr ta’minotidan uzilib, vaqtincha yopildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter