Toshkentda noyob operatsiya yordamida 5 yoshli bolaning hayoti saqlab qolindi
O‘tgan yili 4 yoshli Umarjon Abdurazzoqov tasodifan kaustik soda ishqorini ichib qo‘ygandan so‘ng qizilo‘ngachning chandiqli torayishi tufayli vaqt o‘tib umuman ovqatlana olmay qolgandi.
Shundan so‘ng jajji bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelindi. Dastlab uning oshqozoniga maxsus naycha o‘rnatilib, muammo vaqtinchalik bartaraf etildi. Keyingi bosqichda unda murakkab operatsiya o‘tkazilishi zarurligi Umarjonning yaqinlariga tushuntirildi.
Biroq ota-ona farzandini xorijda davolatishga qaror qildi. Ammo chet el klinikasida o‘tkazilgan amaliyotdan so‘ng holat yanada jiddiylashdi.
SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Umarjon yana Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga keltirildi. Aniqlanishicha, xorijda operatsiya vaqtida bolakayda qizilo‘ngach oshqozonning o‘zidan yasalib, ya’ni oshqozon yuqoriga ko‘tarilib, qizilo‘ngach qoldig‘iga ulab qo‘yilgan. Oqibatda ushbu “yangi” transplantant yurakka bosim o‘tkazib, uni siqib qo‘ygan.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov boshchiligidagi mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan operatsiya qariyb 5 soat davom etdi. Yurtimizda ilk bor bajarilgan ushbu o‘ta murakkab amaliyotda oshqozon qayta joylashtirilib, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirildi. Hozir bolaning ahvoli yaxshi. Shu kunlarda oilasi bag‘riga qaytadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter