Tub burilish yili: Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim bosqichi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaati xalqparvarlik, adolat va inson manfaatlarini ustuvor qo‘ygan aniq tashabbuslar bilan aholining qalbidan chuqur joy oldi. Jumladan, mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, shuningdek, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgani fuqarolar tomonidan katta quvonch va mamnuniyat bilan qarshi olindi.
Murojaatnomada har bir hudud, har bir oila manfaati inobatga olingani, muammolarga ochiq va amaliy yechimlar taklif etilgani aholining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Yurtdoshlarimiz mazkur xalqparvar siyosat Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilishiga, islohotlar natijasi kundalik hayotda yanada yaqqol namoyon bo‘layotganidan mamnun bo‘lishmoqda.
Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ko‘p ishlarni amalga oshirdik va endilikda yanada muhim bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Mamlakatimiz taraqqiyotining bu davri barcha soha va tarmoqlarda chuqur transformatsiyani talab etmoqdaki, bundan ko‘zlanayotgan asosiy maqsad har birimiz uchun ravshan va aniq — yaqin yillarda O‘zbekistonni daromadi o‘rtadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir.
Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan Jizzax va Sirdaryogacha — yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaro islohotlar samarasini o‘z kundalik hayotida his qilishi kerak. Shu ma’noda, kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport va ekologiya kabi sohalarida tub burilish yili bo‘lishi alohida ta’kidlanmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek: «Biz – bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va g‘ururi baland millatmiz!»
Bu so‘zlar Yangi O‘zbekiston islohotlarining mazmun-mohiyatini, xalqimizning kuch-qudrati va kelajakka bo‘lgan ishonchini yaqqol ifodalaydi. 2026 yil esa ana shu ishonchni amalda tasdiqlaydigan, taraqqiyot tariximizda yangi sahifa ochadigan yil bo‘lishi kutilmoqda.
Shu asnoda, Davlat rahbarining Murojaatnomasida belgilab berilgan 6 ta ustuvor yo‘nalish ana shu ulkan maqsadlarga xizmat qiladi. Ularning birinchi va eng diqqatga sazovor yo‘nalishi — mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilashdir. Chunki yurt obodligi, avvalo, mahalladagi sharoitlar bilan o‘lchanadi. Yo‘l, suv, elektr, transport, bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalaridagi yangilanishlar — aholimizning turmush tarzini ijobiy tomonga o‘zgarib borayotganini ko‘rsatib beruvchi muhim jihatlardir.
Shu boisdan, kelgusi yildan mahallani rivojlantirishda kompleks yondashuv joriy etilishi hech kimni befarq qoldirmadi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Har bir viloyatda 2–3 tadan tuman tanlanib, ulardagi barcha mahallalarda muammolar bir vaqtning o‘zida hal etiladi. Bu yangi tajriba Urgut tumanidan boshlanib, u yerda 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etiladi. Mazkur maqsadlar uchun 544 milliard so‘m ajratilib, yuzga yaqin bog‘cha, maktab va poliklinikalar quriladi, ichki yo‘llar, muhandislik tarmoqlari to‘liq yangilanadi.
Umuman, 33 ta tuman va 330 ta sharoiti og‘ir mahallada ishlarni yangi tizim asosida tashkil etish rejalashtirilgan. Bu ishlarga barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m ajratilishi, deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal qilish uchun 500 milliard so‘m berilishi islohotlarning xalqqa yanada yaqinlashganidan dalolatdir. 2030 yilgacha sharoiti og‘ir barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kiritiladi.
Islohotlarni samarali amalga oshirish uchun mahalliy budjetlar mustaqilligi kuchaytirilmoqda. Qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumlarning ma’lum qismi hududlarda qoldirilib, tuman budjetlariga yo‘naltiriladi. Samarasiz shtatlar qisqartirilib, tejalgan mablag‘lar aholi ko‘targan muammolarni hal etishga sarflanadi. Bu orqali mahalliy darajada katta moliyaviy manbalar shakllantiriladi.
Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatlarning o‘ziga beriladi. Eng muhimi, har bir so‘m ish o‘rinlari tashkil qilish, aholi daromadini oshirishga xizmat qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlar boshlanadi. Shaharlarning tartibsiz kengayishi cheklanib, ekin maydonlarini asrash bo‘yicha qat’iy mezonlar joriy etiladi. Ilk bor 45 ta aglomeratsiya hududlari belgilanib, «Barqaror shahar» platformasi orqali yashash uchun qulaylik indeksi» joriy etiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish masalasi esa umummilliy harakatga aylanishi natijasida so‘nggi yillarda millionlab odamlar kambag‘allikdan chiqarildi. Bu yo‘lda tadbirkorlar hal qiluvchi kuch sifatida qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2026 yilda ham soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilib, kichik va o‘rta biznesga ulkan moliyaviy resurslar yo‘naltiriladi. Ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Alohida aytish joizki, O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatida ilgari surilgan xalqparvar siyosat va ustuvor vazifalar aholi hayoti sifatini oshirishga qaratilgan aniq maqsad va amaliy rejalarga tayanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter