Voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi
Joriy yil 24-dekabrdagi PF–256-son farmon bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarining bolalarga zo‘ravonlik bilan bog‘liq moddalari qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Unda, jumladan, bolalarni jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik va jinsiy ekspluatatsiya qilish, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ta’qib etilishdan (shu jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda) himoya qilish bilan bog‘liq moddalar qayta ko‘rib chiqiladi.
Bunda Ishchi guruh 2026-yilning aprel oyiga qadar xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rganib, yuqorida nazarda tutilgan jinoiy qilmishlarga qarshi javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqadi.
Qonun loyihasida:
- bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoiy xatti-harakatlarni sodir etgan shaxslar amnistiya akti asosida, yarashilganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilinmasligi, yengilroq jazo tayinlashva shartli hukm qo‘llanilmasligiga;
- voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish yoki jazoni ijro etish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligiga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘z navbatida, hujjat bilan tegishli vazirlik va idoralar oldiga 2026-yilning birinchi choragiga qadar Yevropa Kengashining bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish va jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiyaga hamda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning xabar berish tartibiga oid fakultativ protokoliga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter