Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi o‘quv yilining birinchi kunida Toshkentda transport oqimi 30 foizga oshdi

Yangi o‘quv yilining birinchi kunida Toshkentda transport oqimi 30 foizga oshdi

Foto: Xabar.uz

Yangi o‘quv yilining birinchi kuni — 2 sentyabrda Toshkent ko‘chalaridagi transport oqimi 24 avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshdi. Shunga qaramay, shahar bo‘yicha umumiy tirbandlik ko‘rsatkichi 6 ball darajasida saqlandi.

Yo‘l harakati xavfsizligi va tirbandliklarni nazorat qilish markazi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim ko‘chalarda harakat tezligi pasaygan bo‘lsada, tirbandliklarning keskin ortishiga yo‘l qo‘yilmagan. Bunga transport oqimini doimiy monitoring qilish, harakatni muvofiqlashtirish hamda svetofor fazalarini tezkor o‘zgartirish orqali erishilgan.

Toshkentda transport oqimini real vaqt rejimida kuzatish va boshqarish uchun Yagona harakatni tartibga solish elektron markazi (YHTEM) huzurida Vaziyatlar markazi faoliyat yuritmoqda. Unga poytaxtdagi deyarli barcha muhim tartibga solinadigan chorrahalar ulangan.

Markaz mutaxassislari yo‘llardagi vaziyat, svetoforlarning ishlashi, avtomobillar navbati shakllanishi va jamoat transporti harakatini real vaqtda kuzatib boradi. Transport oqimida o‘zgarish aniqlanganda, yuklama yuqori yo‘nalishda yashil chiroq vaqti uzaytiriladi, svetofor fazalari qayta sozlanadi yoki qo‘shni chorrahalar bilan muvofiqlashtiriladi.

Agar tirbandlik yo‘l-transport hodisasi, nosoz yoki to‘xtab qolgan avtomobil, yo‘l tasmasining yopilishi, ta’mirlash ishlari yoki to‘xtash qoidalarining buzilishi sababli yuzaga kelsa, ma’lumot tezkor ravishda tegishli xizmatlarga yetkaziladi. Zarur hollarda yo‘l harakatini joyida tartibga solish, yo‘l tasmasini bo‘shatish va boshqa choralar ko‘riladi.

Vaziyatlar markazida Toshkent shahar YHTEM, transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi, IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB, jamoat transporti dispetcherlik xizmatlari, muhandislar, transport modellashtirish mutaxassislari, tahlilchilar va dasturchilardan iborat ishchi guruh faoliyat yuritadi.

Yangi o‘quv yilining birinchi kuni yakunlariga ko‘ra, avtomobillar soni 30 foizga ko‘paygan bo‘lsa-da, umumiy tirbandlik 6 ball darajasida ushlab turildi. Yaqin kunlarda ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilishi bilan transport oqimi yana ortishi mumkinligi sababli monitoring kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring