Kannavaro: «Jahon chempionatida biz yo‘qotadigan hech narsa yo‘q»
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin matbuot anjumanida jamoa o‘yini, futbolchilar va Jahon chempionati haqida fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, xatolar aynan o‘rtoqlik o‘yinlarida aniqlanishi foydali.
«Har qanday uchrashuvda xatolar bo‘ladi. Bunday xatolarni rasmiy o‘yinlarda emas, o‘rtoqlik bahslarida qilgan yaxshi. Birinchi bo‘limda jamoamiz ixcham va agressiv o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa to‘p nazoratini ko‘proq olishga urindik, ammo intensivlikni yo‘qotdik», – dedi Kannavaro.
Murabbiy jamoadan yuqori intensivlikdagi futbol kutayotganini aytdi.
«Men kelganimdan beri yuqori intensivlik ustida ishlayapmiz. Osiyo futboli bilan xalqaro futbol o‘rtasida katta farq bor. Bu oson emas, lekin birinchi bo‘limda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim», – dedi u.
Kannavaro Kanada terma jamoasini so‘nggi yillarda sezilarli o‘sgan jamoa sifatida baholadi.
Shuningdek, murabbiy sovuq ob-havo o‘yinga ta’sir qilganini, shunga qaramay stadionga kelgan muxlislarga minnatdorlik bildirdi.
Jahon chempionati haqida gapirar ekan, u O‘zbekiston termasi uchun bu tarixiy ishtirok ekanini ta’kidladi.
«Portugaliya, Kolumbiya va Kongo juda kuchli jamoalar. Ular bilan o‘ynash qiyin bo‘lishini bilamiz. Lekin futbolchilarimga aytdim – bizda yo‘qotadigan hech narsa yo‘q. Bu mamlakatimiz tarixidagi ilk Jahon chempionati. Shuning uchun faqat bir narsani aytaman: bundan zavqlaning. Jahon chempionatida o‘ynash har doim ham nasib qilavermaydi», – dedi Kannavaro.
Murabbiy Abduqodir Husanov haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Husanov juda yaxshi futbolchi. U hali yana rivojlanishi mumkin, chunki salohiyati juda katta. Ba’zan haddan tashqari agressiv bo‘lib ketadi, endi vaziyatlarni yaxshiroq o‘qishni o‘rganishi kerak. Ammo himoyachi sifatida u juda kuchli futbolchi», – dedi italiyalik mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 2-iyun kuni O‘zbekiston jamoasi Kanada MTJ bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Kannavaro shogirdlari navbatdagi o‘rtoqlik bahsini 8-iyunda Niderlandiyaga qarshi o‘tkazadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter