«Sehrli chapaqay» filmining katta premerasi o‘tkazildi (foto)
Avvalroq Toshkent shahrida «Sehrli chapaqay» badiiy filmining yopiq premerasi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik. Bugun, 25-may kuni O‘zbekiston milliy kino san’ati saroyida mazkur filmining katta ochiq premerasi o‘tkazildi.
Ushbu premera Kinematografiya agentligi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, «Your films entertainment», O‘FF hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida o‘tkazildi.

Tadbirda Kinematografiya agentligi direktori hamda film rejissyori so‘zga chiqib, kartinaning g‘oyasi, mazmuni va yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, film ijodkorlari va aktyorlari tomoshabinlar qarshisiga chiqdi.

«Sehrli chapaqay» sport, oila va jamiyat qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan hayotiy voqealar asosida suratga olingan badiiy film hisoblanadi. Kartina tomoshabinga ruhiy motivatsiya, ishonch va g‘alabaga intilish hissini ulashadi.
Film markazida ota va bola munosabatlari, onaning mehr-muhabbati, tarbiya, do‘stlik va jamoa ruhi turadi.
Syujet davomida bosh qahramonning murakkab hayot yo‘li, sportdagi sinovlari, mag‘lubiyat va umidsizliklarga qarshi kurashi hamda qat’iyat bilan maqsad sari intilishi dramatik uslubda ochib beriladi.

Ma’lumot o‘rnida, film ssenariy muallifi va rejissyori — Habibulloh Haydar. Prodyuser sifatida Fozil Yunusov ishtirok etgan. Filmda asosiy rollarni Sirojiddin Sattorov, Muhammad Nurmuhammadov, Tohir Saidov, Shahlo Temirova, O‘lmas Temur, Ardasher Abdulhay o‘g‘li va Murod Nasimov ijro etgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter