Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Teatr san’atiga qiziquvchi yoshlar ko‘paymoqda

Teatr san’atiga qiziquvchi yoshlar ko‘paymoqda

Prezident tashabbusi bilan ilgari surilgan «Turon» maktab teatri respublika tanlovida joriy yilda 85 100 ta jamoa (680 800 nafar o‘quvchi) ro‘yxatdan o‘tdi. Birinchi bosqichidan o‘tgan jamoalarning 208 tasi hududiy bosqichida ishtirok etish vakolatiga ega bo‘ldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika «Kelajak» markazi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tanlovda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 6-10 sinf o‘quvchilari o‘z maktab jamoalari bilan ishtirok etishga ko‘zda tutilgan.

Tanlovning hududiy bosqichlari 1-10 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.  Bugun Andijon va Navoiy viloyatlarida tanlovning hududiy bosqichlari  ko‘tarinki ruhda start oldi.

Jamoalar hududiy bosqichida «Bizning maktab» hamda «Teatr – ibratxona» kabi 2 ta shart asosida o‘zaro bellashadilar. Bunda ishtirokchi jamoalar milliy va umuminsoniy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimizga mos, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan asarlardan spektakl ko‘rinishida parchalar ijro etishadi. Ishtirokchilarning aktyorlik mahorati, sahna va nutq madaniyati, badiiy tafakkuriga alohida ahamiyat qaratiladi.

Tanlovning hududiy bosqichida jamoalarning chiqishlarini odilona va shaffof baholash maqsadida Toshkent shahridan har bir hududga 3 nafardan iborat hakamlar hay’ati yuborilmoqda. Hakamlar hay’ati tarkibida Lola Eltoyeva, Zuhra Ashurova, Gulchehra Nosirova, Aleksandr Bekjonov, Turg‘un Beknazarov, Shohida Ismoilova, Bahodir Nishonov, Mehridin Rahmatov, Munavvara Abdullayeva, Nodira Mahmudova, Rasulxon Qodirxonov, Barot Hasanov, Qahramon Madrimov singari ustoz-san’atkorlar o‘rin olgan.

Shuningdek, hududiy bosqich teleko‘rsatuvtarzida yozib olinadi hamda efirga uzatiladi. Bu esa tanlovning o‘quvchilar orasida yanada ommalashishiga va qiziqishlari oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Tanlovning respublika bosqichi iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Yakuniy bosqichda birinchilikni qo‘lga kiritgan maktab jamoasi xorijga ta’lim sayohati yo‘llanmasi bilan taqdirlanadi. Bundan avvalgi yillardagi mavsum g‘oliblari Turkiya va Ozarbayjon davlatlarida ta’lim sayohatida bo‘lib qaytishgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring