Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Komila Boymurodova: «Men ishlashdan uyaladigan,  lekin tilanishdan or qilmaydiganlardan bezorman!»

Ba’zan insonning yutuqlarini ko‘rib uning bu darajaga yetishida kim yoki nima sabab bo‘lgan deb o‘ylab qolasan. Bugungi suhbatdoshim bilan gaplashish asnosida bir haqiqatni angladim: insonni yaxshi tomonga o‘zgartiradigan, uning irodasini toblaydigan eng katta kuch – bu muhit ekan.

Sayxunobod tumanining Axchob qishlog‘i – bu yerning odamlari mehnatkashligi bilan ajralib turadi. Suhbatdoshim Komila opa Boymurodova o‘z bolaligini xotirlarkan, qishloqning o‘sha mehnatga to‘la hayotini shunday tasvirlaydi:

«80-90-yillarni eslasam, ko‘z oldimga zahmatkash insonlar keladi. Hamma nimadir bilan band: kimdir gilam to‘qiydi, kimdir olacha, yana kimdir kashta tikadi. Mening ustozim mana shu muhit bo‘ldi. Katta ammam mashhur Samarqand gilamlarini to‘qirdilar, onam esa ham chevar, ham mohir oshpaz edilar. Haligacha odamlar onamning nonlarini qo‘msab eslashadi».

«Onam va ammam»

Suhbatdoshimning aytishicha, hunarga bo‘lgan muhabbat unga oilaviy meros. Ammasi va onasining tunlari qo‘y yungidan ip yigirib, «kechasi bilan mana shu gilamni bitiraylik» deya tinib-tinchimay qilgan mehnatlari katta maktab bo‘lgan. Bugun uning xonadonida ammasidan qolgan, toza jundan to‘qilgan gilam nafaqat foydali, balki iliq xotiralari bilan ham qadrli.

«To‘g‘risi, men o‘zim bilan faxrlanaman. Chunki insonning bandligi uni ko‘p qiyinchiliklardan qutqaradi. O‘n yoshlarimda tinmay kiyimchalar to‘qiganimdan onam hatto xafa bo‘lib: «Borib o‘rtoqlaring bilan o‘yna, faqat to‘qish, tikishga yopishavermasdan!» deganini eslayman. To‘rt o‘g‘ilning ichida bir qiz bo‘lsam-da, mehnatdan qochmadim. Maktab davrimdayoq to‘qiganlarimni sotardim. Hech kimda pul bo‘lmagan vaqtlarda ham mening yonimda doim mablag‘im bo‘lardi. Qiziq jihati, o‘sha vaqtlarda atrofdagilar «Hamma narsasi badastir bo‘lsa, yana uning ustiga birgina qiz, nega buncha tinmaydi?» deb hayron bo‘lishgan.

Odam faqat o‘z kuchiga, mehnatiga ishonishi kerak. Ota-ona yoki yaqinlarning ko‘magiga suyanib qolish eng katta xato. Intiluvchanligim orqali oliy ma’lumotli bo‘ldim, hunarim tufayli ko‘rgazmalarda qatnashdim va o‘z farovonligimni yaratdim. Ota-onam kelajagimdan xavotirlanib, «Ertaga bu qizimiz qanday yashaydi?» deb soddalarcha o‘ylashgan ekan. Ammo vaqt hammasini o‘z o‘rniga qo‘ydi. Bu yerda onamning roli juda katta, kelajagimni o‘ylab hunarga qiziqtirgani uchun bir umr minnatdorman».

«Imkonsizlikni emas, mehnatni tanladim»

Komila opa bilan avval ham suhbatlashganman, ichidagi g‘ayrat va hayotga bo‘lgan muhabbat meni doim hayratga soladi. U nafaqat hunarmand, balki o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuksak, mag‘rur ayol – hayot falsafasi oddiy: «Hech kimdan kam emasman». Ammo bu darajaga yetish oson bo‘lmaganini, ota-onasining xavotirlari ortida qanchalik zahmatli mehnat yotganini u shunday eslaydi: «Ota-onam bu kunlarimni ko‘rsaydi, ularning men uchun xavotirlanganlarini eslasam, yuragim uvishadi. Qiyin paytlarda ko‘rpa-jildlar, choyshablar tikdim, gullar o‘stirib sotdim. Balki kimgadir erish tuyular, lekin zavq bilan ishladim. Hamisha oliy darajada, chiroyli yashashga intilish bo‘lgan va bunga haqliman deb bilaman».

Jamiyatda nogironligi bor shaxslarga imkoniyati cheklangan odamlardek qarash yoki ulardan yuksak natija kutmaslik kabi noto‘g‘ri qarashlar uchrab turadi. Komila opa mana shu stereotiplarga qarshi o‘zining yashash tarzi bilan javob bermoqda.

«Men odamlarning rahmi kelishini yomon ko‘raman. Bechora, imkoni cheklangan, yolg‘iz ona, degan gaplar haqoratdek tuyuladi. Rahm qilishlarini emas, hurmat qilishlarini istayman! Boshqalardan ajralib qolishni, chetga surib qo‘yilishni hech qachon istamaganman. Boqimandalik bu qalbning majruhligi. Agar insonda xohish bo‘lsa, bir qo‘l bilan ham dunyoni o‘zgartirish mumkin. Imkoniyati cheklangan degan tamg‘ani o‘zimdan yulib oldim, rostdan ham imkonim cheklanmaganini amalda isbotladim: biz agar chin dildan istasak sog‘lom odamlardek boshimiz baland, mag‘rur yashay olamiz! Hayot – katta imkoniyat, «o‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil», deydilar. Biz odamlar bir-birimizni qadrlab, yaxshi tomonlarimizni o‘rganib yashashimiz kerak. Mening yana bir xobbim – yaxshi insonlar bilan tanishish va ulardan o‘rganish».

Chorasizlik ichidagi chora...

Hayot hamisha ham tekis yo‘ldan iborat emas. Ba’zan taqdir insonni shunday sinovlarga ro‘para qiladiki, yo sinib qolishing yoki yanada kuchliroq bo‘lib qad ko‘tarishing kerak bo‘ladi. Komila opaning hayotidagi eng katta burilish nuqtasi uning talabalik yillariga to‘g‘ri kelgan. Otasi tarix fani o‘qituvchisi, ko‘p yillar kasaba uyushmasida ishlagan ziyoli inson nohaqlikka uchragan, oila iqtisodiy jihatdan qiynalgan yillar...

«21 yoshimda onam to‘satdan olamdan o‘tdilar. O‘shanda xuddi sahroda yolg‘iz qolgandek bo‘ldim. Eng alam qilgani – onam kasal bo‘lib yotganlarida moddiy yordam berolmadik. Chunki hammamiz o‘qirdik, otam ham xasta edilar. O‘shanda anglaganman: «Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi». Inson har qanday holatda ham o‘zini o‘zi uddalashi, nimadir tadbir qilishi, hunari bo‘lishi shart ekan. Chorasiz qolganingda, chorasizlikning o‘zi senga chora bo‘larkan».

O‘sha yillari Komila opa talabalik stipendiyasiga uchta tovuq sotib olib, kelinoyisi bilan jo‘ja ochirib, tuxum sotadi. Bu kimgadir erish tuyulishi mumkin, lekin bu haqiqiy hayot maktabi edi. U «men qiynalganman» deb tushkunlikka tushishni emas, mehnat bilan vaziyatdan chiqishni tanladi.

Darvoqe, atrofga qarang. Hamma narsasi yetarli, soppa-sog‘lom, lekin hayotdan doim norozi kimsalar qancha? Ishlashga uyaladigan, lekin birovdan so‘rashga uyalmaydigan insonlar-chi? Komila opaning hayoti mana shunday noshukurlikka berilgan eng qattiq zarbadir. U bir qo‘li bilan nafaqat to‘qish to‘qiydi, balki tuvaklarda gullar yetishtiradi, jurnalist sifatida qalam tebratadi. Yana atrofida tanish-bilishlariga hunarini o‘rgatishdan aslo og‘rinmaydi. Uning lug‘atida «qiynaldim», «qo‘limdan kelmaydi» degan so‘zlar yo‘q.

«O‘g‘lim – faxrim»

Komila opaning yana bir katta yutug‘i va baxti – o‘g‘li Hikmatillo. U o‘g‘li haqida gapirganda ko‘zlarida cheksiz umid va faxr porlaydi.

«O‘g‘lim Hikmatillo – mening baxtim. U shiddatli zamon, boshqa davr odami, yangicha fikrlaydi. Kompyuter texnologiyalari, sun’iy intellekt sohasiga qiziqadi. Uning yurtimiz koriga yaraydigan inson bo‘lishini istayman. Mening mehnatlarim samarasi illo mana shu farzandimning kamoli va yaqinlarimning omonligidir».

Yuksak e’tirof…

Komila Boymurodova «Ishonch» gazetasida ko‘p yillardan buyon mehnat qilib kelmoqda. Ishxonadagi qizg‘in muhit, ezgu maqsadlar yo‘lida birlashgan jamoa uning ikkinchi oilasiga aylangan.

«Shukr, sevimli jamoam bor. Ishimiz qizg‘in, katta ezgu ishlarni amalga oshiryapmiz. Bo‘sh vaqtlarimda esa ekologiyaga foyda keltirish uchun gullar, ekinlar bilan shug‘ullanaman, – deydi suhbatdoshim. – Odam kamharakat bo‘lmasligi kerak. Atrofda kasallik ko‘p, hammasi harakatsizlikdan. Dangasalardan bezorman: hamma sharoit bor, lekin harakat qilish o‘rniga birovdan so‘rashga uyalmaydi, ishlashga esa uyaladi. Eng qizig‘i mablag‘i bo‘lishini istaydi, ishlamagan va mehnat qilmagan odamning puli qayerdan bo‘lsin. Bu noto‘g‘ri fikrlashdan qutilish kerak».

Komila Boymurodovaning mehnatlari davlatimiz va jamoatchilik tomonidan ham munosib e’tirof etilgan: Mustaqillikning 15 yilligi ko‘krak nishoni, «Mo‘’tabar ayol» ko‘krak nishoni, Kasaba uyushmalarining «Ehtirom» nishoni, «Atirgul» va «Yilning Eng faol jurnalisti» tanlovlari g‘olibligi...

«Shunday kunlarga erishishimga ustozlarimning, «Ishonch» gazetasi rahbariyatining ham yordami beqiyos. Prezidentimizga, Kasaba uyushmalari federatsiyasiga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Otam rahmatli aytardilar: «Borlik nelar yedirmas, yo‘qlik nelar dedirmas». Bugun shukr qilish uchun sabablarim juda ko‘p».

Oltin damlarga aylangan qiyinchiliklar

Inson taqdiridagi eng og‘ir damlar vaqt o‘tib uning eng katta boyligiga aylanishi mumkin. Komila opa qiyinchiliklardan noliganida, otasining aytgan bir gapi bugun uning hayotida o‘z isbotini topdi: «Qizim, qiyinchilik ko‘rdim dema, hali bu ko‘rganlaring senga oltin bo‘lib qaytadi». Haqiqatan ham, o‘sha mashaqqatlar bugungi muvaffaqiyatlarning oltin poydevori bo‘ldi.

Komila Boymurodovaning irodasi maktab davri – paxta dalalaridayoq toblangan desak mubolag‘a emas. Maktab direktori onasiga «qizingiz chiqmay qo‘ya qolsin» deganida, «Nega chiqmas ekanman?!» deb sinfdoshlaridan qolmay dalaga oshiqqan, yuk mashinalarida paxtaga borib, ukalariga yordam bergan o‘sha   qiz  hali hamon yaqinlariga qo‘lidan kelgancha yaxshilik sog‘inadi.

«Mening Boymurod bobom katta chorvador, el suygan saxovatli inson bo‘lganlar. U kishining bir gapi qulog‘imda muhrlanib qolgan: «Ishlaganda quldek ishla, yurganda bekdek yur!» Men bobom bilan faxrlanaman. U kishi hatto o‘ziga dushmanlik qilganlarga ham yaxshilik sog‘ingan mard inson edilar. Men ham mana shu tamoyil bilan yashayman: chin dildan qilingan mehnat hech qachon minnat qilinmasligi kerak, shundagina uning mukofoti ziyodasi qaytib keladi».

Bugungi shiddatli axborot zamonidagi charchoqlar insondan ruhiy tetiklikni talab qiladi. Komila opaning fikricha, buning davosi – yaxshi insonlar bilan muloqot va tabiat bilan uyg‘unlikdir.

«Odam taftini odam oladi. Men hayotni nega yaxshi ko‘raman? Chunki har bir lahza – Alloh bergan mislsiz imkoniyat. Men bormanmi, demak, harakat qilishim, birovga muhtoj bo‘lmay yutuqlarga erishishim kerak. Inson doim o‘z kuchiga suyanishi va ishonishi kerak. Negaki  yaqinlaringning o‘z hayoti, o‘z tashvishi bor. Odam birovga yaxshilik qilsa qilsinu lekin umidvor bo‘lmasin. Inson o‘ziga o‘zi katta yordam berishi bu – boshqalardan umidvor bo‘lmaslik, hech narsa kutmaslik. Vaqtni isrof qilmay tejamkorlik bilan chiroyli yashash mumkin. Boshimdan ko‘p qiyinchlik o‘tgan, deb tushkunlikka tushish kerak emas. Bosh motivatorim bu – o‘smirlikdagi oilamiz boshiga tushgan qiyinchiliklardir. Hozirda eng katta ovunchog‘im va quvvat manbaim – ona zamin va gullar. Hovlimda ishlash ham menga ishtiyoq beradi. Go‘zallik haqiqatdan ham dunyoni qutqaradi. Gullarim go‘zal bo‘lib ochilsa, ekinlarim yashnasa, ulardan olam-olam zavq olaman».

Omad siri yaxshi kayfiyatda…

Suhbat davomida anglaganim shu bo‘ldiki, muvaffaqiyat faqat tinimsiz mehnatda emas, balki insonlarga bo‘lgan xushmuomalalik va ichki xotirjamlikda hamdir. 

Komila opaning o‘g‘li Hikmatilloga bo‘lgan cheksiz mehri va ishonchi, yurtiga bo‘lgan muhabbati, har bir kunini qadrlashi uning haqiqiy baxt formulasidir. Qahramonimizning hayoti bizga shuni o‘rgatadi: qanday vaziyatda bo‘lmang, ichingizdagi g‘ayratni so‘ndirmang, zero ezgulik bilan sug‘orilgan mehnat albatta meva beradi.

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring