Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Misr fir’avnlarini qo‘rquvda ushlagan xalq, sirli Xattusa, la’nat, ma’budlar va qudrat — qadimiy sivilizatsiya izlari bo‘ylab sayohat (foto)

Misr fir’avnlarini qo‘rquvda ushlagan xalq, sirli Xattusa, la’nat, ma’budlar va qudrat — qadimiy sivilizatsiya izlari bo‘ylab sayohat (foto)

Agar tarix darslarida xettlar yer yuzidagi eng qadimgi sivilizatsiyalardan biri ekanini o‘qigan bo‘lsangiz va uning sir-sinoatlarini bilishni istasangiz, Xattusaga sayohat siz uchun qiziqarli bo‘ladi.



Turkiyaga safarimizning so‘nggi manzili Onado‘lining hayratlanarli maskanlaridan biri — Xettlar imperiyasining poytaxti xarobalari bo‘ldi. O‘z vaqtida bu qudratli imperiya 450 yillik hukmronligi davrida insoniyat tarixi va madaniyatiga behisob hissa qo‘shgan.

Foto: Xabar.uz

Amasiya shahridan yo‘lga otlanib, Chorum shahri orqali 2 soatlar masofani bosib o‘tgach, tog‘ yo‘llari orqali qadimgi davlat poytaxti xarobalariga yetib keldik.

Bu yerda YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, xett sivilizatsiyasining gullab-yashnagan davriga oid izlarni saqlab qolgan ikki muhim yodgorlik joylashgan: birinchisi, Xattusa — xettlar imperiyasining poytaxti va ikkinchisi, Yazilikaya ibodatxonasi — toshga o‘yib ishlangan xett ma’budalari tasvirlari bilan bezatilgan majmua.

Foto: Xabar.uz

Ushbu hudud bronza davri arxeologiyasiga qiziqqan har bir kishi tashrif buyurishi kerak bo‘lgan joy bo‘lib, uning tarixi 6000 yildan oshadi. 

Xattusa — qadimiy shahar xarobalari

Xattusa — xettlar yurti. Xettlar haqidagi ilk yozma ma’lumotlar Injilda uchraydi: unda bu xalq No‘h payg‘ambarning Xet ismli chevarasidan tarqalgani aytiladi. Bu, albatta, rivoyat. Ammo Misr fir’avlari — Tutanxamon va Ramses II kabi tarixiy shaxslar bilan bog‘liq voqealarda xettlar ham tilga olinadi.

Xettlar juda jangari xalq bo‘lgan va ulardan qo‘rqishgan. Shu sababli Qadimgi Misr fir’avni Tutanxamonning bevasi xett podsholaridan biriga elchi yuborib, o‘z qo‘lini va Misr taxtini uning o‘g‘liga taklif qilgan. Boshqa bir xett podshosining qizi esa haqiqatdan ham fir’avn Ramses II ga turmushga chiqqan.

Oradan vaqt o‘tib, xettlar imperiyasi sirli tarzda yo‘qolib ketadi: ularni kim yenggan? Yoki inqiroz davri xarob qilganmi? Qizig‘i shundaki, yunon antik tarixchilari xettlar haqida deyarli ma’lumot qoldirmagan. Ammo asrlar o‘tib, zamonaviy tarixchilar Turkiya hududida, Anqaradan 150 km uzoqlikda joylashgan Bogazkale qishlog‘i yaqinida xettlar izlarini topadilar. Ana shu yerda xettlar imperiyasining poytaxti — Xattusa joylashgan.

Xattusaning qiyofasi va afsonalari

Xattusa xettlarning eng muhim shahri bo‘lib, aynan shu yerda eng ko‘p tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan. Ammo ilgari bu hududda boshqa xalq — xattlar yashagan va shahar Xattushash deb atalgan. Xett podshosi Anitta bu shaharni qamal qilib, katta boyliklarni qo‘lga kiritishga umid qilgan. Biroq xazinalar topilmagan va g‘azablangan Anitta shaharning kulini ko‘kka sovurib, uni la’natlaydi: kim bu yerga joylashsa, uni Dovul xudosining qahri ursin, deydi.

Foto: Xabar.uz

Shunga qaramay, yillar o‘tib Anittaning nabirasi bu la’natga e’tibor bermay, Xattushashni Xett davlatining poytaxtiga aylantiradi. Keyinchalik imperiya qulaganidan so‘ng, bu yerga frigiylar kelib joylashadi. Demak, xattlar ham, xettlar ham, frigiylar ham Xattusa tarixida o‘z izini qoldirgan.

Xattusa bo‘ylab sayohat

Qadimiy shahar bo‘ylab 6,5 kmlik aylana yo‘l mavjud. Uni avtomobilda ham, piyoda ham bosib o‘tish mumkin. Yo‘nalishni soat mili bo‘yicha yoki unga qarshi tanlash mumkin. Agar piyoda yurishni rejalashtirsangiz, soat mili bo‘yicha harakat qilish osonroq, chunki ko‘tarilish yengilroq kechadi. Qulay poyabzal kiyish shart. Shuningdek, milliy bog‘ hududida taksi-turlar ham tashkil etiladi.

Ushbu hududda atsteklar piramidasiga o‘xshash ulkan inshootlar qoldiqlari ham bor. Uning tagida joylashgan yerosti yo‘lagi hamon saqlanib qolgan bo‘lib, uning uzunligi taxminan 70 metr, balandligi esa 3 metrni tashkil etadi. 

Foto: Xabar.uz

Qorong‘u yerosti yo‘lagidan o‘tib, kutilmaganda shahar chetiga chiqib qolasiz va qarshingizda tabiatning go‘zal manzaralari namoyon bo‘ladi.

Asosiy yodgorliklar

Xattusaning eng asosiy diqqatga sazovor joyi — Katta ibodatxona xarobalari. U, ehtimol, dovul xudosi Teshub va quyosh ma’budasi Xebatga bag‘ishlab qurilgan. Kirish qismi yaqinida Nefrit tosh kubi ham joylashgan — rivoyatlarga ko‘ra, bu Ramses II ga qilingan to‘y sovg‘asi. Ayrimlar uni meteorit deb hisoblab, tilaklarni bajo keltiradi deyishadi (ammo bu afsona xolos).

Foto: Xabar.uz

Sherlar darvozasi, Podshohlar darvozasi va Sfinkslar darvozasi o‘z nomini ularni bezagan haykallar va bareleflardan olgan.

Foto: Xabar.uz

Asl nusxalar Turkiya muzeylarida saqlanadi, Xattusada esa ularning nusxalari o‘rnatilgan.

Yazilikaya — qoya ibodatxonasi

Bogazkale qishlog‘idan 2 km uzoqlikda joylashgan Yaziliqaya qoya ibodatxonasi xettlar uchun eng muhim diniy markaz bo‘lgan. Bu yerda bahorda nishonlangan yangi yil bayrami — Purulli o‘tkazilgan.

Foto: Xabar.uz

Ibodatxona toshga o‘yilgan ma’bud va podshoh tasvirlari bilan bezatilgan. Shu sababli u «Yazilikaya» — «yozuvli qoya» deb ataladi.

Foto: Xabar.uz

Xattusaga borish uchun eng yaxshi vaqt kech bahor yoki erta kuz. Chunki hududda yoz issiq, qish esa sovuq bo‘ladi. O‘zingiz bilan yetarlicha suv oling, bog‘ hududida do‘konlar yo‘q. Chipta hududga kirishda sotiladi. Turkiyaga sayohatingizning bir kunini ushbu maskanga ajratsangiz, afsuslanmaysiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring