Ba’zi doktorantlar stipendiyasi 1,7 baravarga oshiriladi
Prezidentning «Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat budjeti hisobidan doktorantura va tayanch doktoranturada kadrlar tayyorlashning yangi mexanizmi joriy etiladi.
Hujjatga ko‘ra, doktorantura uchun ajratiladigan umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlardagi ixtisosliklarga yo‘naltiriladi.
Eng muhim yangiliklardan biri — differensial stipendiya tizimining joriy etilishidir. Endi ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi.
Farmonda tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ustuvor yo‘nalishlarda tahsil olayotgan doktorantlarning ilmiy faoliyati uchun zarur asbob-uskunalar xarid qilish maqsadida har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, tayanch doktoranturaning birinchi o‘quv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozish, statistika va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Farmon bilan ilmiy rahbarlarga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirildi. Endi ilmiy rahbar doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmog‘ida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lishi shart.
Bundan tashqari, oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilishda tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha milliy sertifikatga ega talabgorlarni mutaxassislik fanidan imtihondan ozod qilish va ularga avtomatik ravishda maksimal ball berish tartibi bekor qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter