Farg‘onada ham 3,2 mlrd so‘mlik keshbek mablag‘lari talon-toroj qilindi
Farg‘ona viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan «Soliq Mobile» ilovasi orqali davlat budjeti mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish holati fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar M.X., M.X. va K.I. o‘zaro til biriktirib, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida turli guruhlar tashkil qilgani aniqlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular mazkur guruhlar orqali 7 ta MChJ nomidan rasmiylashtirilgan xarid cheklari uchun jismoniy shaxslarga 1 foizlik, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga esa 12 foizlik keshbek summalarini onlayn tarzda sotish bilan shug‘ullangan.
Aniqlanishicha, mazkur MChJlar tomonidan hech qanday haqiqiy moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, gumonlanuvchilar 3,3 trillion so‘mlik tovar va xizmatlar sotilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan. Shuningdek, ular go‘yoki savdodan tushgan mablag‘larni onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga xarid cheklarini taqdim etgan.
Natijada 211 ming 584 nafar fuqaro nomi orqali «Soliq Mobile» tizimida 28,5 milliard so‘m keshbek hisoblangan. Shundan 3,2 milliard so‘m davlat budjeti mablag‘lari sifatida to‘lab berilgan va talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda ham ayni shu uslubda «Soliq» ilovasi orqali 35 mlrd so‘m keshbek talon-toroj qilingani aytilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter