IHT davlatlari cho‘llanish, chang va qum bo‘ronlarini kamaytirish bo‘yicha hamkorlikda ishlaydi
Samarqandda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar atrof-muhit vazirlarining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda IHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari, IHT kotibiyati rahbariyati va xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
12 yil badalida ilk yig‘ilish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov o‘z nutqida uchrashuvning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
"Bugungi uchrashuv alohida ahamiyatga ega. 12 yil ichida birinchi marta IHTga a’zo davlatlarning atrof-muhit vazirlari zamonaviy ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yig‘ilishdi”, – dedi rais.
A.Abduhakimov mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa qo‘shma ekologik tashabbuslarni ilgari surish tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan hujjatlar – IHTning 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha doiraviy dasturi, iqlim va bioxilma-xillik bo‘yicha ish dasturlari va Samarqand deklaratsiyasi – mintaqaviy ekologik sheriklikning yangi bosqichi uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Cho‘llanish va qum-chang bo‘ronlarining oldini olish
Uchrashuv davomida ishtirokchilar IHTga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, barqaror tabiatni boshqarish va yerlar degradatsiyasining oldini olish sohalaridagi milliy ustuvorliklarini muhokama qilishdi. Cho‘llanishga qarshi kurashish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, barqaror o‘rmon xo‘jaligini boshqarish va qum va chang bo‘ronlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tomoni mintaqaviy ekologik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha asosiy tashabbuslarni taqdim etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat o‘zaro ishonch, mintaqaviy hamkorlik va umumiy ekologik muammolarni birgalikda hal qilish tamoyillarini izchil ilgari surayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston tajribasi
O‘zbekistonning yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurashishdagi tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Green University” qoshidagi Cho‘llanishga qarshi kurash va cho‘l iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati, shuningdek, O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan ilmiy tadqiqotlar, texnologiyalar almashinuvi va qo‘shma sinov loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi qayd etildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga IHTga a’zo davlatlar uchun 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan, cho‘l hududlarida o‘rmonzorlarni barpo etishga qaratilgan transchegaraviy "Yashil dastur"ni ishlab chiqish tashabbusi taqdim etildi. O‘zbekiston tomoni shuningdek, IHTning Atrof-muhitga oid hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi platformasi doirasida qum va chang bo‘ronlari uchun mintaqaviy erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqishni taklif qildi.
Samarqand deklaratsiyasi
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar IHTning 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Atrof-muhit bo‘yicha hamkorlik doiraviy dasturini va uning tematik ilovalarini, jumladan, iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillik bo‘yicha ish dasturlarini ma’qulladilar. Mintaqaviy ekologik hamkorlik bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi ham qabul qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter