Italiyadagi muzeydan qimmatbaho san’at asarlari o‘g‘irlab ketildi
Renuarning «Baliqlar» asari.
Italiyaning Parma shahridagi muzeylardan biridan dunyoga mashhur rassomlar — Renuar, Sezann va Matissning asarlari o‘g‘irlab ketildi, deb xabar berdi La Repubblica nashri.
Niqoblangan noma’lum shaxslar ko‘rgazma zalining eshigini buzib kirishgan. Garchi binoda xavfsizlik signalizatsiyasi darhol ishga tushgan bo‘lsa-da, politsiya yetib kelguniga qadar jinoyatchilar voqea joyidan qochishga ulgurgan. O‘g‘rilik atigi 3 daqiqa ichida amalga oshirilgan, bu esa jinoyatning oldindan puxta rejalashtirilganidan dalolat beradi.
O‘g‘irlangan asarlar qiymati bir necha million yevroni tashkil etadi. Xususan, Per Ogyust Renuarning «Baliqlar» (Poissons) asari bozor qiymati — 3 mln yevro. Bundan tashqari, Anri Matissning «Terrasadagi odaliska» (Odalisque sur la terrasse), Pol Sezannning «Olchali natyurmort» (Nature morte aux cerises) asarlari o‘g‘irlangan.
Xabarga ko‘ra, jinoyatchilar shoshilinch qochish chog‘ida asarlardan birini voqea joyida tashlab ketishgan. Ayni paytda Italiya huquq-tartibot idoralari o‘g‘rilarni aniqlash va tutish bo‘yicha keng ko‘lamli qidiruvni boshlagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday darajadagi asarlarni ochiq bozorda sotish imkonsiz, chunki ular xalqaro qidiruvdagi san’at durdonalari ro‘yxatiga kiritilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter