Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ma’rifat bilan kelajak qurish: O‘zbekistonning global tashabbuslari

Ma’rifat bilan kelajak qurish: O‘zbekistonning global tashabbuslari

Jahon tamadduni beshigi bo‘lgan Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining tarixiy 43-sessiyasi xalqaro maydondagi mutlaqo yangi voqelikni namoyon etmoqda. Bu O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi oshib, uning yangilanish va ochiqlik siyosatiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganining yorqin isboti. So‘nggi 40 yil ichida ilk bor Parijdan tashqaridagi o‘tkazilgan tarixiy sessiya bo‘lib, unda 190 a’zo davlatdan 2800 dan ortiq delegat ishtirok etmoqda, bu esa YuNESKOning 80 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazilayotgan muhim tadbirdir.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi sessiyaning asosiy voqeasi bo‘ldi va unda global muammolarni hal etish bo‘yicha 5 ta asosiy tashabbuslar ilgari surildi.

Nutqda geosiyosiy keskinlik va harbiy mojarolar ta’sirida sayyoramizdagi noyob yodgorliklar, muqaddas qadamjolar va bebaho madaniy meros katta ziyon ko‘rgani ta’kidlandi.

Ta’lim sohasidagi tengsizlik ham jiddiy muammo sifatida ko‘rsatildi. YuNESKO hisobotiga ko‘ra, dunyoda 250 million bola va yosh ta’limdan mahrum, bu ko‘rsatkich so‘nggi 10 yil ichida atigi 1 foizga kamaygan. Pandemiya davrida 40 foiz davlatlar ta’limni qo‘llab-quvvatlamagan, bu tengsizlikni 15-20 foizga oshirdi. Bilim va texnologiyalardan foydalanishdagi tafovut global iqtisodiyotga yillik 10 trillion dollar zarar yetkazadi.

Nutqda gender tengsizligi YuNESKO statistikasi asosida tahlil qilindi. Ilmiy muassasalar rahbarlarining 25 foizi, ta’lim boshqaruvchilarining 30 foizi va tadqiqotchilarning 33 foizi ayollar ekani qayd etildi. Mazkur ko‘rsatkichlar ayollarning ilm-fan sohasidagi ulushi 35 foizdan oshmasligini tasdiqlaydi. Bu esa gender tengligining ustuvor vazifasi ekanligini ko‘rsatmoqda.

Iqlim o‘zgarishi madaniy merosga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoviy meros ob’yektlarining 80 foizi iqlim o‘zgarishidan azob chekmoqda. Har yili 5000ga yaqin ob’yekt ziyon ko‘rgan. Muzliklarning erishi va cho‘llanish kabi hodisalar merosning 20-30 foizini yo‘qotish xavfini oshiradi.

Shuningdek, axborot shaffofligi masalasida raqamli makonda noxolis axborot 40 foizga oshgani – yoshlarni turli manipulyasiyalardan himoya qilishni talab etadi.

Prezident tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbus jahon miqyosida dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan bo‘lib, ular ta’lim, madaniy meros, gender tengligi, ekologik barqarorlik va axborot xavfsizligi sohalarini qamrab oladi.

Birinchidan, inklyuziv ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish orqali maxsus ehtiyojli bolalar uchun platforma yaratish va “Sun’iy intellekt – maktab” loyihasini amalga oshirish ta’lim sifatini 20 foizga oshirish imkonini beradi. Bu dunyoda ta’limdan mahrum bolalar muammosini yengillatishda muhim qadam bo‘ladi.

Ikkinchidan, nomoddiy merosni saqlash bo‘yicha tashabbuslar – “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish, hujjatli meros kunini ta’sis etish va raqamli meros institutini tashkil etish orqali jahon merosining kamida 30 foizini raqamlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Buxoro 2027 yilda hunarmandchilik bo‘yicha xalqaro kongressga tayyor ekanligi qayd etildi.

Uchinchidan, xotin-qizlar yetakchiligini kuchaytirish maqsadida YuNESKO doirasida Ayollar yetakchiligi akademiyasini yaratish va Samarqandda global forum o‘tkazish taklif etildi. Chunki ilm, ta’lim va madaniyat sohalarida ayollar hali teng imkoniyatlarga ega emasligi ta’kidlandi.

To‘rtinchidan, iqlim o‘zgarishining madaniy merosga tahdidiga qarshi kurashish maqsadida “YuNESKO ekologik poytaxt” tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va yodgorliklarni jahon miqyosida muhofaza qilish rezolyusiyasini qabul qilish taklif etildi.

Beshinchidan, dezinformatsiya va manipulyasiyalar avj olgan sharoitda axborot shaffofligini ta’minlash, yoshlarda media savodxonlik va tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha global strategiya ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, sessiya doirasida Buxoroda biyennale va Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi kabi qo‘shimcha tadbirlar o‘tkazilishi ham xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi.

Umuman olganda, O‘zbekiston Prezidentining YuNESKO Bosh sessiyasidagi nutqi global beqarorlik, axborot xurujlari va madaniy inqiroz davrida insoniyat taraqqiyotining yagona yo‘li — ma’rifat, madaniyat va jamoaviy mas’uliyat ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Unda ta’limni inklyuziv asosda rivojlantirish, sun’iy intellektni inson manfaatiga xizmat qildirish, madaniy va hujjatli merosni himoya qilish, ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, axborot makonida yoshlarni asrash va iqlim tahdidlari sharoitida tarixiy merosni saqlash kabi strategik vazifalar ilgari surildi.

Bu g‘oyalar O‘zbekistonning ham milliy, ham global maydonda inson kapitalini, tarixiy merosni va intellektual taraqqiyotni ustuvor qo‘ygan davlat sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlaydi hamda “Samarqand ruhi” orqali dunyoga birlashish, o‘zaro hurmat va madaniy hamjihatlikka da’vatdir.

Jamshed Jurayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring