Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: madaniy loyiha qanday qilib global axborot voqeasiga aylandi?

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: madaniy loyiha qanday qilib global axborot voqeasiga aylandi?

CNN: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning ko‘p asrlik intellektual merosini namoyon etmoqda.

Jahonning yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalari — CNN, Forbes, The Wall Street Journal, The Economist, Arab News va China Daily kabi nashrlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini «global miqyosdagi megaloyiha», «Markaziy Osiyoning durdonasi» hamda «islom sivilizatsiyasiga zamonaviy qarashni shakllantiradigan makon» sifatida baholamoqda.

O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi va jahon OAV diqqat markaziga aylandi. Markaz haqidagi materiallar 20 dan ortiq davlatda va 7 tilda — ingliz, arab, ispan, xitoy, hind, turk va rus tillarida chop etildi. Ularning umumiy auditoriyasi 1,5 milliarddan ortiq insonni qamrab oldi. Materiallar xalqaro jurnalistlar, tahlilchilar va ekspertlar tomonidan tayyorlangan bo‘lib, bu loyihaga nisbatan global professional hamjamiyatning yuqori qiziqishini ko‘rsatadi.

Xalqaro OAV ushbu voqeaning ramziy ahamiyatiga ham alohida e’tibor qaratadi. Arab News ta’kidlashicha, «O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilgan Markazning ochilishi muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani, xuddi sakkiz yil avval birinchi tamal toshi qo‘yilgani kabi, unga alohida tarixiy-ruhiy izchillik bag‘ishlaydi». Khaleej Times esa Markazni «ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ilmiy yondashuvlar uyg‘unlashgan noyob makon» sifatida ta’riflaydi.

Forbes qayd etishicha, «Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat barqaror rivojlanish va iqtisodiy ochiqlik strategiyasini amalga oshirmoqda». Shu bilan birga, geosiyosiy ziddiyatlar va madaniy identifikatsiya atrofidagi bahslar kuchayib borayotgan sharoitda Islom sivilizatsiyasi markazi «sivilizatsion merosni zamonaviy “yumshoq kuch” vositasiga aylantirmoqda». The Wall Street Journal esa Markaz «boy tarixiy merosni birlashtirish» vazifasini bajarayotganini ta’kidlaydi.

China Daily Markazni «O‘zbekistonning muhim madaniy-ilmiy loyihalaridan biri» deb atab, uning O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rniga e’tibor qaratgan. The Korea Times esa majmua «islom sivilizatsiyasining insonparvar va ma’rifiy mohiyatini aks ettiradi» hamda «madaniy muloqot va ilmiy hamkorlik uchun zamonaviy maydon» ekanini qayd etgan.

Euronews Markazni ilmiy tadqiqotlar, ta’lim va zamonaviy ko‘rgazma amaliyotlarini birlashtirgan «yangi meros va tadqiqotlar xabi» sifatida baholaydi. Ispaniyaning ABC nashri esa «O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li merosini qayta tiklamoqda», deya loyihani mintaqaning tarixiy sivilizatsion almashinuv markazi sifatidagi o‘rni bilan bog‘laydi.

Vengriyaning Hello Magyar nashri ta’kidlashicha, «majmua arxitekturasi nafaqat ulkanligi, balki zamonaviy shaharsozlik va ekologik barqarorlik standartlariga to‘liq mosligi bilan ham hayratlantiradi». Turkiyaning Yeni Konya nashri esa Markazni «so‘nggi asrdagi eng muhim tarixiy, madaniy va badiiy yutuqlardan biri sifatida baholash mumkin bo‘lgan ulkan va salobatli majmua» deb atagan.

Ozarbayjonning Caliber.az nashrida esa Islom sivilizatsiyasi markazi «Ginnes rekordlar kitobiga nomzod» sifatida qayd etilgani uning ko‘lami va noyobligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki yangi muzey emas, balki kengroq ma’noda — mamlakatlar o‘z merosini qayta kashf etayotgan va uni dunyoga tushunarli qilib taqdim etayotgan tarixning bir qismiga aylanmoqda. Bugun Markaz allaqachon tashrif buyuruvchilar uchun ochiq. Ekspertlar uning madaniy turizmni rivojlantirishdagi ulkan salohiyatini ham ta’kidlamoqda. Yangi majmua O‘zbekistonni noyob tarixiy va intellektual merosga ega manzil sifatida yanada jozibador qiladi. Biroq jahon matbuoti e’tiboridan kelib chiqib aytish mumkinki, uning ahamiyati turizm doirasidan ancha kengdir.

Xalqaro OAVning baholari:

Forbes: Islom sivilizatsiyasi markazi — Yevrosiyoning yangi geomadaniy markazi
The Wall Street Journal: Markaz boy tarixiy merosni birlashtiradi
The Washington Post: «O‘zbekiston Toshkentda yirik Islom sivilizatsiyasi markazini ochdi»
ABC: «O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li merosini qayta tiklamoqda»
China Daily: Markaz — O‘zbekistonning asosiy madaniy-ilmiy loyihalaridan biri
The Korea Times: Markaz Yangi O‘zbekistonning ma’naviy va intellektual taraqqiyot strategiyasining muhim qismi
Arab News: Toshkentdagi Markaz — «Markaziy Osiyoning durdonasi»
Khaleej Times: Islom sivilizatsiyasi markazi — Markaziy Osiyoning durdonasi
The Nation: Markaz global muloqot, bilim va madaniy tiklanish platformasiga aylanmoqda
OIC Todaybiz: Markaz — xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan megaloyiha
Caliber: Markaz — Ginnes rekordlar kitobiga nomzod
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring