Raqobat qo‘mitasi bukmekerlik reklamalariga qarshi ogohlantirish berdi
O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi 2026-yil futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanishi oldidan ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari va Telegram kanallarida bukmekerlik xizmatlari hamda qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi materiallar tarqalishi faollashganini ma’lum qildi.
Qo‘mitaga ko‘ra, yirik sport musobaqalariga bo‘lgan qiziqish ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarni bukmekerlik platformalariga jalb qilish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda. Bunda sport natijalariga pul tikish, qisqa vaqtda daromad topish yoki katta yutuqqa erishish haqidagi va’dalar orqali aholi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda ishtirok etishga undalmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni 46-moddasiga muvofiq qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni, jumladan internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali tashkil etiladigan xizmatlarni reklama qilish taqiqlangan.
Qo‘mita bukmekerlik xizmatlari va qimor o‘yinlarini targ‘ib qilish, ularning reklamasini tayyorlash, joylashtirish, tarqatish yoki ommalashtirish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim shaxslar o‘z faoliyatini anonim tarzda yuritish, soxta akkauntlar va taxalluslardan foydalanish hamda xorijiy platformalar orqali reklama tarqatishga urinmoqda. Biroq bunday usullar ham qonunchilik nazoratidan chetda qolmasligi qayd etildi.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi internet tarmog‘i, ijtimoiy media platformalari va boshqa axborot resurslarida joylashtirilayotgan reklama materiallari yuzasidan tizimli monitoring va tahlil ishlarini olib borayotganini bildirdi.
Qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda tegishli ma’lumotlar vakolatli davlat organlariga yuboriladi. Xususan, materiallar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining kiberxavfsizlik bo‘linmalariga qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish uchun taqdim etiladi.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni bukmekerlik xizmatlari va qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi shubhali reklama materiallariga ishonmaslikka, ularni tarqatmaslikka hamda bunday holatlar haqida vakolatli organlarga xabar berishga chaqirdi.
Ta’kidlanishicha, qonunchilik talablariga rioya qilish, noqonuniy reklamalar tarqalishining oldini olish va fuqarolar huquqlarini himoya qilish barcha ishtirokchilarning umumiy mas’uliyati hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter