Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanepidqo‘mita: Ebola virusi O‘zbekiston uchun yuqori xavf tug‘dirmayapti

Sanepidqo‘mita: Ebola virusi O‘zbekiston uchun yuqori xavf tug‘dirmayapti

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Ebola virusi bo‘yicha mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror ekanini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Ebola virusi asosan Afrika qit’asida uchraydigan og‘ir yuqumli kasallik bo‘lib, u kasallangan odam yoki hayvonning qon va boshqa biologik suyuqliklari orqali yuqadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Afrikada Ebola bilan kasallanishning 263 ta tasdiqlangan holati qayd etilgan. Epidemiyaning asosiy o‘chog‘i Kongo Demokratik Respublikasi hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola virusining global pandemiyaga aylanish ehtimolini past deb baholamoqda. Shuningdek, kasallikning O‘zbekistonda tarqalish xavfi ham past ekani ta’kidlangan.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, virusning mamlakatga kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida kelayotgan fuqarolar tibbiy kuzatuvdan o‘tkazilmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni Ebola virusi faol tarqalgan davlat va hududlarga safar qilmaslikka chaqirgan.

Shu bilan birga, quyidagi ehtiyot choralariga amal qilish tavsiya etilgan:

  • yovvoyi hayvonlar bilan muloqotdan saqlanish;
  • ekzotik va xom go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilmaslik;
  • kasallik alomatlari bo‘lgan shaxslardan uzoq yurish;
  • qo‘llarni tez-tez yuvish va dezinfeksiya qilish;
  • faqat qaynatilgan yoki qadoqlangan suv iste’mol qilish.

Shuningdek, endemik hududdan qaytgan fuqarolar 21 kun davomida sog‘lig‘ini kuzatib borishi, isitma, holsizlik, qusish yoki diareya kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilishi kerakligi aytilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring