«Sen aqldan ozgansan» – Tramp Netanyaxuni Livan borasida keskin tanqid qilgan
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilning Livandagi harakatlari ortidan bosh vazir Binyamin Netanyaxu bilan bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti biroz keskin o‘tdi. Bu haqda Axios manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Tramp suhbat davomida Netanyaxuning Livandagi eskalatsiyasidan qattiq norozi bo‘lgan va uni «aqldan ozgan» deb atagan.
Axios’ning yozishicha, Tramp Isroilning Bayrutga zarba berish rejasiga ham qarshi chiqqan. Uning fikricha, bunday harakatlar Isroilni xalqaro maydonda yanada yakkalab qo‘yadi.
Manbalardan biriga ko‘ra, Tramp Netanyaxuga: «Seni men qutqaryapman. Hamma seni yomon ko‘ryapti. Bu ishlar tufayli Isroilni ham yomon ko‘rishyapti», – degan.
Yana bir manba Tramp suhbat vaqtida: «Nima qilib yuribsan o‘zi?» deya baqirganini aytgan.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Tramp Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tan olgan, ammo oxirgi kunlarda Tel-Aviv harakatlari nomutanosib tus olgan deb hisoblamoqda.
Xususan, Oq uy Isroilning janubiy Livandagi quruqlik operatsiyalarini kengaytirishi va ko‘plab tinch aholi halok bo‘layotganidan xavotir bildirgan.
Shuningdek, manbalar Trampning asosiy xavotiri Eron bilan muzokaralar izdan chiqishi bo‘lganini aytmoqda. Avvalroq Tehron ham Livandagi vaziyat sabab AQSh bilan muzokaralarni to‘xtatishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Shundan so‘ng Tramp Truth Social’dagi sahifasida Eron bilan muzokaralar «juda tez sur’atlarda» davom etayotganini yozgan.
Netanyaxu esa muloqotdan keyingi bayonotida, agar «Hizbulloh» Isroilga hujumlarni to‘xtatmasa, Bayrutdagi nishonlarga zarba berilishini aytgan. U Isroil janubiy Livandagi operatsiyalarni davom ettirishini ham ta’kidlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter