Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan Prezident farmoni imzolandi
Shavkat Mirziyoyev «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra:
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Unga tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish, transport vositalari harakatini cheklash va boshqa vakolatlar berildi.
Tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kodi 850980) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlari egalik qilib turgan yer maydoni hududidagi dov-daraxtlarni sug‘orish maqsadida ichimlik suvidan foydalanish vaqtiga qo‘yilgan cheklov (soat 00:00dan boshlab 05:00gacha) bahor va yoz fasllarida bekor qilinadi.
Uch oy muddatda poytaxtning 4 ta yo‘nalishida (sharq, g‘arb, shimol va janub qismlarida) kamida 3 tadan sun’iy ko‘l va suv havzalari tashkil etiladi.
Toshkent shahri hududidagi favvoralar sonini kamida 2 baravarga ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur tayyorlanadi.
Energetika vazirligi bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash bo‘lgan hududlardagi barcha issiqxona ob’yektlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini tashkil etadi va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini ta’minlaydi.
Maydoni 200 m2 va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda yoqilg‘i moddalar, material va chiqindilar (shina, bitum, mazut, ishlatilgan avtomobil moyi plyonka, rezina, jun tolasi va boshqalar) yoqilgani aniqlanganda isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter