Yaqin Sharqdagi AQSh harbiylari ochlikdan qiynalyapti
Yaqin Sharq dengizlarida navbatchilik qilayotgan AQSh harbiy-dengiz kuchlari ekipajlari oziq-ovqat va boshqa zarur vositalar yetishmovchiligidan shikoyat qilmoqda. Bu haqda USA Today xabar berdi.
Harbiy xizmatchilarning so‘zlariga ko‘ra, kemalarda oziq-ovqat zaxiralari tugab borayotgani sababli porsiyalar qisqartirilgan, ovqat sifati esa yomonlashgan. Muammo nafaqat yegulik, balki shaxsiy gigiyena vositalariga ham tegishli. Ayniqsa, eng ko‘p ekipajga ega Abraham Lincoln aviatashuvchisi hamda Tripoli desant kemasida ahvol chatoq.
Ta’minot uzilishiga mintaqadagi keskin siyosiy vaziyat sababchi (buni amerikaliklarning o‘zlari yuzaga keltirishdi). Havo hududining yopilgani va dengizdagi xavflar tufayli zaxiralarni yangilash imkonsiz bo‘lib qoldi. AQSh pochta xizmati xavfsizlik va logistika muammolari tufayli harbiylarga uyidan keladigan jo‘natmalarni yetkazishni to‘xtatgan. Harbiylar nafaqat to‘laqonli «payok»dan, balki yaqinlari yuboradigan yordamdan ham mahrum bo‘lishyapti.
Ta’kidlanishicha, bunday sharoit harbiylarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hozirda kemalarda oziq-ovqat va zarur ashyolarni tejash tartibi joriy etilgan.
Ma’lumot uchun: Abraham Lincoln aviatashuvchisi bortida 5 000 dan 5 600 nafargacha harbiy bor. Shundan taxminan 3 200 nafari kema ekipaji va 2 480 nafari aviatsiya guruhi (uchuvchilar va texniklar).
Tripoli desant kemasi va unga hamrohlik qiluvchi kemalar guruhida jami 3 500 gacha dengizchi va dengiz piyodalari bor. Kemaning o‘zida odatda 1 200 ga yaqin dengizchi va 1 800 dan ortiq dengiz piyodalari xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter