Erda hayot 3,3 milliard yil oldin paydo bo‘lgan — tadqiqot
Yerda hayot 3,3 milliard yil oldin paydo bo‘lgan — Karnegi fan instituti olimlari sun’iy intellekt vositasida qadimgi jinslarni geokimyoviy tahlil qilish orqali shunday xulosaga kelishdi.
Katta ilmiy xodim Robert Xeyzenning aytishicha, algoritm tirik organizmlar qoldirgan o‘ziga xos kimyoviy «aks-sado»ni aniqlashda yordam berdi. Bunday signallarni shu paytgacha sezmaganmiz, faqat sun’iy intellekt va yangi tahlil usullari uyg‘unligida ularni to‘g‘ri talqin qilish uchun yo‘l ochildi, dedi olim.
Tadqiqotchilar geokimyoviy ma’lumotlar, gaz xromatografiyasi va mass-spektrometriya usullarini birlashtirishdi. Bunda biologik jarayonlar molekulalarning cheklangan to‘plamini hosil qilishi va tog‘ jinslarida o‘rnashishi hisobga olindi.
Ikki yil oldin mutaxassislar o‘rgatilgan neyrotarmoqlar biogen izlarni abiogen moddalardan taxminan 90 foiz aniqlik bilan ajrata olishini aniqlagan edilar. Qadimgi tog‘ jinslaridan tortib zamonaviy organizmlarning to‘qimalarigacha bo‘lgan bir qator sinovlardan so‘ng, olimlar ushbu usul barqaror ishlashiga ishonch hosil qilishdi.
To‘rt yuzta namuna tahlili quyidagilarni ko‘rsatdi:
- hayotning ilk kimyoviy belgilari Janubiy Afrika Respublikasi va Esvatini chegarasidagi Yozefsdal hududidagi 3,3 milliard yoshli jinslarda mavjud;
- fotosintezlovchi ilk organizmlarning belgilari Kuruman hududida topildi, bu yerda 2,5 mlrd yillik tog‘ jinslari mavjud.
Ma’lumot uchun: shu paytgacha ilk hayot izlari faqat 1,7 milliard yilgacha bo‘lgan jinslarda topilgan. Yangi tadqiqot bunday topilmalarning yoshini ikki baravarga oshirib, Yerda fotosintez qachon paydo bo‘lgani haqidagi tasavvurlarni o‘zgartiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter