Fors ko‘rfazi endi hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi
«Eron urushidan keyin global iqtisodiyot hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi» — Eurasia Group raisi Kliff Kupchanning The Washington Post gazetasida e’lon qilingan maqolasida Erondagi urushning Fors ko‘rfazi mamlakatlari va jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siri haqida so‘z boradi.
Ma’lumot uchun: Eurasia Group kompaniyasiga 1998-yilda asos solingan. Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan, shuningdek, Vashington, London, Tokio, San-Paulu va Singapurda ofislari mavjud. Eurasia Group siyosiy risklarni tahlil qilish va konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi dunyodagi yetakchi kompaniyalardan sanaladi. Kompaniya investorlar va biznes rahbarlariga siyosiy jarayonlarning moliyaviy bozorlarga va global iqtisodiyotga ta’sirini tushunishda yordam beradi.
Kuzatuvchilarning aksariyati haqli ravishda Erondagi urushning qisqa muddatli oqibatlariga e’tibor qaratmoqda. Ortib borayotgan insoniy talofatlardan tashqari, ushbu urush neft bozorida yetkazib berish hajmi va dunyo miqyosidagi ulushi bo‘yicha tarixdagi eng yirik shokni keltirib chiqardi.
Biroq urushning jahon iqtisodiyotiga ko‘rsatadigan uzoq muddatli oqibatlari ham, garchi ular hozircha unchalik ko‘zga tashlanmayotgan bo‘lsa-da, kam ahamiyatli emas. Erondagi urush yakunlanganidan so‘ng, katta ehtimol bilan AQShga nisbatan dushmanlik kayfiyatidagi hukumat hokimiyat tepasiga keladi. Oqibatda Fors ko‘rfazi bilan bog‘liq siyosiy xavflar ko‘plab tarmoqlarda narxlarning tarkibiy jihatdan oshishiga olib keladi. Bu esa inflyasiyani tezlashtiradi va Yaqin Sharqqa yo‘naltiriladigan kelgusidagi investitsiyalarning jozibadorligini pasaytiradi.
Eron hukumati pozitsiyasi qat’iyligicha qoladi. Yangi oliy rahbar Mujtabo Xomanaiy, umumiy fikrga ko‘ra, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan yaqin aloqalarga ega avtoritar shaxsdir. Eronning urush holati uchun markazlashmaslik strategiyasi barcha asosiy lavozimlar bo‘yicha vorislik tartibini belgilab qo‘ygan. Bu esa, agar AQSh yoki Isroil amaldagi rahbarlarni yo‘q qilgan taqdirda ham, ularning o‘rnini boshqa qattiqqo‘l tarafdorlari osongina egallashini kafolatlaydi.
Shu sababli, urushning tugashi barqaror tinchlik o‘rnatilishiga olib kelishi amrimahol. Bu voqelik Ho‘rmuz bo‘g‘ozi uzoq vaqt davomida geosiyosiy xavf manbai — jahon iqtisodiyoti markazidagi «qaynoq nuqta» bo‘lib qolishini anglatadi. Eron rahbarlari tuzumning omon qolishini hamma narsadan ustun qo‘yishadi, shuning uchun ular yakunda uranni boyitish va uzoq masofali ballistik raketalardan voz kechishga rozi bo‘lishlari mumkin. Ammo ularning AQShga nisbatan strategik siyosati, ayniqsa, ushbu urushda to‘kilgan qonlardan keyin, dushmanona bo‘lib qolaveradi.
Eronda tankerlarni ta’qib qilish yoki cho‘ktirish uchun yetarlicha dronlar, minalar va tezkor katerlar saqlanib qoladi. Investorlarning qarashlari o‘zgarishi uchun, hatto Tehron ko‘p o‘q uzishiga ham hojat qolmasligi mumkin. Bundan buyon treyderlar Eron istalgan vaqtda hujum qilishi mumkin degan taxmindan kelib chiqib ish tutishadi va bu yangicha qarash muhim tarmoqlarda xavf uchun yangi ustamalarni paydo qiladi.
Eron tomonidan davom etayotgan tahdid, shuningdek, dunyodagi o‘g‘it va oziq-ovqat sektorlariga ham zarba beradi. Jahon o‘g‘it savdosining taxminan uchdan bir qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi.
Alyuminiy bozori ham shunga o‘xshash tarzda ishlaydi — dunyodagi alyuminiy ishlab chiqarishning 9 foizi Fors ko‘rfazi davlatlariga to‘g‘ri keladi. Alyuminiy sanoati juda katta ko‘p miqdordagi elektr energiyasini talab qiladi, bu esa neft va gaz narxiga bog‘liq; shuningdek, metall narxiga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kabi kemada yuk tashishdagi tor yo‘laklar ham ta’sir qiladi.
Yuqoridagi kabi omillar jam bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab narxlarning oshishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida inflyasiyani kuchaytiradi.
Va nihoyat, Fors ko‘rfazi davlatlari — birinchi navbatda Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Qatar yaqin oylarda o‘zlarining qulay investitsiya muhitiga ega davlatlar sifatidagi obro‘sini tiklash uchun kurashishga majbur. Ushbu bozorlar nafaqat uglevodorodlar, balki sun’iy intellekt, mudofaa sanoati va boshqa sohalarda ham jahon savdosi va investitsiyalarida hal qiluvchi rol o‘ynab kelgan.
Kapital qo‘rqoq bo‘ladi va u faqat o‘zini xavfsiz his qilgan joyga boradi. Ilgari tasavvur ham qilmaganimiz — Eron zarbalaridan keyin yonayotgan osmono‘par ofislar va mehmonxonalar manzaralari investorlarning ishonchiga jiddiy putur yetkazadi, dedi Kliff Kupchan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter