Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ahmad ash-Sharaa: Suriya Isroilning Golan ustidan suverenitetini tan olmaydi

Ahmad ash-Sharaa: Suriya Isroilning Golan ustidan suverenitetini tan olmaydi

Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa Isroil bilan yangi xavfsizlik kelishuvi tuzish tashabbusi bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Isroil 1974-yilgi kelishuvda belgilangan ajratish chizig‘iga qaytishi kerak.

Turkiyada o‘tgan Antaliya diplomatiya forumida so‘zga chiqqan prezidentning ta’kidlashicha, bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.

«Biz muzokaralarning birinchi bosqichiga kirmoqdamiz. U xavfsizlik kelishuvini o‘z ichiga oladi va Isroilning 1974-yilgi chegaralarga qaytishini kafolatlashi kerak», – dedi u.

Sharaaning so‘zlariga ko‘ra, agar ushbu bosqich muvaffaqiyatli o‘tsa, keyinchalik Golan tepaliklari masalasini hal qilishga qaratilgan uzoq muddatli muzokaralar boshlanishi mumkin.

Shu bilan birga, Suriya tomoni Isroilning Golan ustidan suverenitetini tan olishni qat’iy rad etdi.

Ma’lumot uchun, 1974-yilda Suriya va Isroil o‘rtasida tuzilgan kelishuv ikki tomon o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni cheklashga xizmat qilgan edi. Biroq 2024 yil dekabrida Asad rejimi qulaganidan so‘ng, Isroil ushbu kelishuv amal qilmasligini e’lon qilib, chegaradagi bufer hududni egallagan.

Shunga qaramasdan, Suriyadagi yangi hukumat Isroilga qarshi tahdidlar bildirmagan. Biroq Isroil tomonidan mamlakat hududiga havo zarbalari davom etayotgani qayd etilmoqda.

Suriya Isroil bilan yangi xavfsizlik kelishuvi tuzishni taklif qildi. Damashq 1974-yilgi chegaralarga qaytishni talab qilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring