Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YeI: Urush tugasa ham neft va gaz narxlari tez orada pasaymaydi

YeI: Urush tugasa ham neft va gaz narxlari tez orada pasaymaydi

Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharqdagi urush tugasa ham neft va gaz narxlari yaqin vaqt ichida barqaror holatga qaytmasligidan ogohlantirdi. Bu haqda YeIning energetika bo‘yicha komissari Dan Yorgensen ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ayni paytda YeIga a’zo 27 davlatda neft va gaz tanqisligi kuzatilmayapti, biroq dizel va aviatsiya yoqilg‘isi ta’minotida bosim saqlanib qolmoqda. Shuningdek, jahon gaz bozorida cheklovlar ortib borayotgani elektr energiyasi narxlarining o‘sishiga olib kelyapti.

«Eng muhimi – ochiq aytish kerak: hatto ertaga tinchlik o‘rnatilsa ham, biz yaqin kelajakda odatiy hayotga qaytmaymiz», – dedi Yorgensen YeI energetika vazirlari uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida.

Ma’lum qilinishicha, Eron atrofidagi mojaro fonida Yevropada neft narxi taxminan 60 foizga, gaz narxi esa 70 foizgacha oshgan. Bu esa YeIning import qilinadigan yoqilg‘i uchun xarajatlarini 14 milliard yevroga ko‘paytirgan.

Yevrokomissiya aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun qator chora-tadbirlar paketini tayyorlamoqda. Ular qatorida gaz va elektr energiyasi narxlarini o‘zaro bog‘liqligini kamaytirish, elektr energiyasiga soliqlarni pasaytirish kabi takliflar bor. Shuningdek, favqulodda daromad olgan energetika kompaniyalariga nisbatan bir martalik soliq joriy etish ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda.

Yorgensenning aytishicha, YeI davlatlari bozorda parokanda qarorlar qabul qilmasligi uchun o‘zaro muvofiqlashtirilgan siyosat yuritishi zarur. Shu bilan birga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va iqtisodiyotning qiyin ahvolga tushgan tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kengaytiriladi.

YeI, shuningdek, energiya tejash choralarini kuchaytirishni ham taklif qilmoqda. Jumladan, uydan ishlashni kengaytirish, avtomagistrallarda tezlikni pasaytirish, va jamoat transportidan foydalanishni oshirish kabi choralar ko‘rib chiqilmoqda.

Rasmiyning ta’kidlashicha, Yevropa Rossiya gaziga bog‘liqlikni keskin kamaytirgan: bu ko‘rsatkich urushdan oldingi 45 foizdan hozir 10 foizga tushgan. Yaqin istiqbolda bu raqamni nolga yetkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun AQSh, shuningdek, Ozarbayjon, Jazoir va Kanada kabi davlatlardan importni oshirish ko‘zda tutilgan.

Yorgensen Yevropa Ittifoqi Rossiya energiya resurslarini xarid qilishni davom ettirmasligi kerakligini ta’kidlab, «Putin energiyani siyosiy bosim vositasi sifatida qo‘llashiga yo‘l qo‘ymaslik lozim»ligini aytdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring