Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronning eng kuchli quroli bir hafta ichida tartibsizlik keltirib chiqarishi mumkin

Britaniya ommaviy axborot vositalari Eronda raketalar va dronlardan ham samaraliroq strategik vosita borligini yozdi. Xabarlarga ko‘ra, Eron bu vositani qurol sifatida ishlatishi va Fors ko‘rfazi davlatlarini bir hafta ichida tartibsizlikka olib kelishi mumkin. Ta’kidlanishicha, bu omil uzoq davom etadigan urushda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

AQSh va Isroilning Eronga qaratilgan hujumlaridan so‘ng, Eron ko‘rfazdagi qo‘shni davlatlarda joylashgan AQSh bazalari va elchixonalarini raketa va uchuvchisiz havo apparatlari bilan nishonga oldi.

Britaniyaning yetakchi nashrlari AQSh aktivlari tufayli qo‘shnilariga hujum qilayotgan Eron qo‘lida raketalar va dronlardan ham kuchliroq qurol borligini ta’kidladi.

Neft va gaz infratuzilmasidan ham muhimroq nishonga aylanishi mumkin bo‘lgan bu “qurol”, ayniqsa Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arabiston yarimoroli davlatlarini bir hafta ichida izdan chiqarishi mumkin.

Fors ko‘rfazi davlatlarida suv ta’minoti infratuzilmasi — jiddiy strategik zaiflik. Yuqori harorat va kam yog‘ingarchilik hukmron mintaqada bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi (KHK) a’zolari — Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Bahrayn, Qatar va O‘monda ichimlik suvining katta qismi tuzdan tozalash inshootlari orqali ta’minlanadi.

Eron qo‘shni mamlakatlarga hujum qilsa nima bo‘ladi?

Eron raketa, dron yoki kiberhujumlar orqali ushbu inshootlarni nishonga olish imkoniyatiga ega.

Xabarlarga ko‘ra, Ko‘rfaz davlatlarida zaxira qilingan suv faqat 7-14 kun davomida yetarli bo‘lishi mumkin. Kamchilikni tashqi manbalardan qoplash mumkin, ammo bu global logistikaga og‘irlik tushiradi va milliardlab dollarlik xarajatlarga olib keladi.

Tuzdan tozalash inshootlari katta energiya talab qiladi va ko‘p hollarda neft va gaz infratuzilmasi bilan bog‘liq. Shu sababli energiya ob’yektlariga hujumlar ham suv inqirozini keltirib chiqarishi mumkin.

Fors ko‘rfazida uzoq davom etadigan ehtimoliy urushda neft emas, balki suv hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.

Eron suv ehtiyojining katta qismini daryolar, suv omborlari va yerosti manbalari orqali qoplashi qayd etilgan bo‘lsa ham bu mamlakatlarda suv tanqisligi uzoq yillardan beri aholini qiynab keladi. Bu holat Tehronga qisman strategik ustunlik beradi.

Ko‘rfaz davlatlarining tuzdan tozalashga bog‘liqligi

Tahlilchilarning fikricha, Ko‘rfaz davlatlari suv ta’minotida tuzdan tozalash inshootlariga yuqori darajada bog‘liq.

Saudiya Arabistoni ichimlik suvining taxminan 70 foizini shu usul orqali ta’minlaydi, ayrim shaharlarda bu ko‘rsatkich 90 foizga yaqin.

Birlashgan Arab Amirliklari ehtiyojining taxminan 42 foizini shu inshootlar orqali qoplaydi. Kuvaytda bu ko‘rsatkich 90 foiz atrofida. Bahraynda taxminan 60 foizga bog‘liq, shahar hududlarida bu ko‘rsatkich 95 foizgacha yetadi. Qatar 75-90 foiz oralig‘ida shu manbalarga tayanadi.

O‘mon esa ehtiyojining taxminan 86 foizini tuzdan tozalash orqali qoplaydi.

Hududda 400 dan ortiq inshoot mavjud bo‘lib, jahonda ishlab chiqarilayotgan tuzdan tozalangan suvning taxminan 40 foizi aynan shu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring