Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq Moskva bosimiga qarshi Armanistonga 50 mln yevro yordam ajratadi

Yevroittifoq Moskva bosimiga qarshi Armanistonga 50 mln yevro yordam ajratadi

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Armanistonga iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida 50 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Bu haqda u Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng bayonot berdi.

Fon der Lyayenning ta’kidlashicha, Rossiya tomonidan arman mahsulotlariga nisbatan eksport cheklovlarining kengaytirilishi iqtisodiy munosabatlardan siyosiy bosim vositasi sifatida foydalanilayotganini ko‘rsatadi.

«Moskva arman tovarlariga qo‘yilayotgan cheklovlar orqali iqtisodiy aloqalarni siyosiy bosim quroli sifatida ishlatmoqda. Biz bu ssenariyni yaxshi bilamiz. Shuning uchun Yevropa Armaniston tomonida qat’iy turibdi», – dedi Yevropa komissiyasi rahbari.

Ma’lum qilinishicha, moliyaviy yordamdan tashqari, Yevropa Ittifoqi Armanistonning ayrim mahsulotlari uchun Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Ursula fon der Lyayenning ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda Armanistondan Latviyaga 10 ming tup gul yuboriladi. Keyinchalik bunday yetkazib berish hajmi yana oshirilishi kutilmoqda.

7-iyun kuni Armanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. So‘nggi vaqtlarda Yerevan va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Rossiya hukumati Nikol Pashinyanni G‘arbparast siyosat yuritayotganlikda ayblamoqda.

Armanistonning Yevropa bilan yaqinlashish harakatlari ortidan Rossiya tomonidan mamlakat mahsulotlari importiga turli cheklovlar joriy etildi. Bu cheklovlar gullar, mineral suv, sabzavotlar, ko‘katlar, shaftoli, qulupnay, olma va baliq mahsulotlarini qamrab olgan.

Shuningdek, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Armanistondan mamlakatning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida qolishi yoki Yevropa Ittifoqiga integratsiya yo‘lidan borishi masalasini referendum orqali hal qilishni talab qilmoqda. Biroq bosh vazir Nikol Pashinyan bunday referendum o‘tkazish niyati yo‘qligini bildirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring