Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevroittifoq Rossiyaga «sovg‘a» hozirlamoqda

Yevroittifoq Rossiyaga «sovg‘a» hozirlamoqda

Foto: “RIA Novosti”

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishga hozirlanmoqda.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenga ko‘ra, cheklovlar energetika va moliya sektorlarini qamraydi.

Yangi sanksiyalarning joriy etilishi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvni rad etgani va o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortganiga javob deb baholanmoqda.

«Prezident Zelenskiy uchrashuvga tayyor edi. Ammo prezident Putin kelmadi. Bu esa Putinning asl niyatini ko‘rsatmoqda: u tinchlikni istamaydi. Biz uchun muhimi tinchlikdir. Shu bois ham biz Putin tinchlikka tayyor bo‘lmaguniga qadar unga bosimni kuchaytirishimiz kerak», – degan Ursula fon der Lyayen.

Yangi sanksiyalar Rossiya banklari, soyadagi floti va «Shimoliy oqim» gaz quvuriga tatbiq etiladi.

YeI yangi sanksiyalar borasida AQSh ham mushtarak pozitsiyada bo‘lishiga umid bildirgan.

«Bu sanksiyalar (Rossiyani) xursand qilmasligi tabiiy. Rossiyaning neft va gaz sotuvidan daromadi urush boshlangunga qadar davrga solishtirganda qariyb 80 foizga kamaygan. Rossiyada budjet taqchilligi shiddat bilan ortmoqda... Biz prezident Putin muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun yanada ko‘proq choralar ko‘rishga shaymiz», – degan Yevrokomissiya prezidenti. 

DW xabariga ko‘ra, 20-may kuni e’lon qilinadigan sanksiyalar tarixdagi eng ko‘lamdor cheklov choralari sanaladi. Bryussel Moskvaga qarshi to‘rt rejimda: Ukraina bosqini, inson huquqlari buzilishi, gibrid urush va kimyoviy qurolni qo‘llash uchun jazo choralari ko‘radi.

Avval xabar berganimizdek, 16-may kuni Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina vakillari o‘zaro muzokara o‘tkazdi. Tinchlik sulhiga erisha olmagan tomonlar asirlar almashuviga kelishgan, xolos.

Istanbul muzokaralari ortidan «Rossiya rahbariyati Ukrainada urushni davom ettirishni ko‘zlamoqda» degan fikr yanada kuchaygan.

Ma’lumot o‘rnida, avvalroq Yevropa Ittifoqi Moskva Ukrainada sulh bitimini rad etishda davom etsa yangi sanksiyalar ishga tushishidan ogohlantirgandi.

YeI Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan 2022-yil 24-fevraldan keyinoq Moskvaga qarshi sanksiyalarni joriy eta boshlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring