Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kongoda Ebola yuqtirganlar davolanayotgan markaz yoqib yuborildi

Kongoda Ebola yuqtirganlar davolanayotgan markaz yoqib yuborildi

Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismida Ebola virusi tarqalayotgan hududda aholi davolash markaziga o‘t qo‘ydi. Hodisa Ituri viloyatining Rvampara shahrida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, mahalliy yoshlar Ebola qurboni bo‘lgan do‘stining jasadini olib ketishga urinishgan, ammo sanitariya qoidalari sababli bunga ruxsat berilmagan. Shundan so‘ng ular Ebolaga qarshi davolash markaziga hujum qilib, binoga o‘t qo‘ygan.

Voqea guvohlariga ko‘ra, politsiya vaziyatni tinchlantirishga uringan, ammo buning uddasidan chiqa olmagan. Natijada markaz ichidagi jihozlar va gumon qilingan qurbonlardan biri saqlanayotgan joy ham yoqib yuborilgan. Tibbiyot xodimlari esa shoshilinch ravishda hududni tark etgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Ebola qurbonlarining jasadlari yuqumli bo‘lgani sababli ularni dafn etish qat’iy sanitariya qoidalari asosida amalga oshirilishi kerak. Biroq bu tartiblar mahalliy an’analar va diniy marosimlar bilan to‘qnash kelmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola tarqalishini xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb e’lon qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Kongoning ikki viloyatida 671 ta gumonli holat va 160 ta o‘lim qayd etilgan. Ammo JSST haqiqiy ko‘rsatkichlar ancha yuqori bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Hozircha virusga qarshi samarali vaksina yoki dori vositasi mavjud emas. Mutaxassislar vaksina yaratilishi uchun kamida 6–9 oy vaqt kerakligini bildirmoqda.

Virus ilk bor aprel oyi oxirida aniqlangan bo‘lsa-da, bir necha hafta davomida yashirin tarqalgan. Keyinchalik kasallik Janubiy Kivu viloyatiga ham yetib borgani ma’lum qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring