Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maskat–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi

Maskat–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston elchisi Abdusalom Hotamov O‘mon meros va turizm vaziri Sayyid Ibrohim bin Said al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, turoperatorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda 2026-yil 1-iyundan Maskat–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Tomonlar bu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishiga ishonch bildirdi.

Sayyid Ibrohim al-Busaidiy so‘nggi yillarda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida turizm hamda madaniy sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sayyohlar soni ortib borayotganini yuqori baholadi.

Vazirga ko‘ra, yangi aviaqatnov ochilishi o‘zaro safarlar geografiyasini kengaytiradi va turizm bozorida yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu esa ikki davlat iqtisodiy aloqalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining O‘monga bo‘lajak tashrifi arafasida Maskat shahrida mamlakatning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan «Road Show» tadbirini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Muzokaralarda madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, ikki mamlakatda fotoko‘rgazmalar tashkil etish taklifi ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring