Meta’da sun’iy intellekt sabab minglab xodimlar ishdan ketadi
Meta 2026-yilda xodimlarini ommaviy qisqartirish rejasini amalga oshirishni boshlamoqchi. «Reuters» manbalariga ko‘ra, birinchi to‘lqin 20 may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki bosqichda kompaniya global ishchi kuchining taxminan 10 foizini, ya’ni qariyb 8 ming nafar xodimni ishdan bo‘shatadi. Keyingi qisqartirishlar esa yilning ikkinchi yarmida amalga oshirilishi mumkin.
Kompaniya rasmiy ravishda qisqartirishlar muddati va ko‘lami bo‘yicha izoh bermagan. Biroq bu jarayon sun’iy intellektga asoslangan samaradorlikni oshirish strategiyasi bilan bog‘lanayotgani aytilmoqda.
Kompaniya rahbari Mark Sukerberg biznes jarayonlarini tubdan o‘zgartirish uchun sun’iy intellektga katta sarmoya kiritmoqda. Bu yo‘nalishda yuz milliardlab dollarlik investitsiyalar rejalashtirilgan.
Texnologik sektorda bu kabi tendensiya keng tarqalmoqda. Masalan, Amazon ham so‘nggi oylarda o‘n minglab xodimlarini qisqartirdi. Mutaxassislar fikricha, kompaniyalar avtomatlashtirish va sun’iy intellekt yechimlari orqali boshqaruv qatlamlarini qisqartirishga intilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil boshidan buyon texnologiya sohasida 73 mingdan ortiq xodim ishidan ayrilgan. Bu jarayon 2024 yildagi umumiy ko‘rsatkichlarga yaqinlashmoqda.
Meta uchun bu eng yirik qisqartirishlardan biri bo‘ladi. Kompaniya avval 2022–2023-yillarda «samaradorlik yili» doirasida 21 ming nafar xodimni qisqartirgan edi.
Hozirda kompaniya moliyaviy jihatdan barqaror holatda bo‘lsa-da, rahbariyat kelajakni kamroq xodim va yuqori samaradorlikka ega tizim sifatida ko‘rmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter