Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Mossad”ning sobiq rahbaridan shov-shuvli ochiqlama

“Mossad”ning sobiq rahbaridan shov-shuvli ochiqlama

Isroil razvedka xizmati – “Mossad”ning sobiq rahbari Yosi Koen shov-shuvli bayonot berdi.

Y.Koen “The Brink” podkastiga bergan intervyusida Isroil josuslik xizmati kuzatuv va hamla uchun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qopqon sifatida manipulyasion qurilmalar o‘rnatganini aytgan.

Unga ko‘ra, mazkur kuzatuv usuli dunyo bo‘ylab foydalanuvchilardan ma’lumotlar yig‘ish va antisemitizm alomatlari namoyon bo‘lgan hollarda xatar manbasini yo‘qotish maqsadida qo‘llangan.

Manipulyasion qurilmalar “siz tasavvur etishingiz mumkin bo‘lgan barcha mamlakatlarda”da o‘rnatilgan, degan Yosi Koen.

“Mossad”ning sobiq rahbari, ayni choqda, yahudiy davlati josuslik xizmati HAMASning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumini bartaraf eta olmagani, chunki qamaldagi G‘azoga doir razvedka holati yomon bo‘lganini ham tan olgan.

“Telegram”dagi “Militarist” kanali Yosi Koenning dunyo bo‘ylab minalashtirilgan peyjer va ratsiyalar tarqatilgani haqidagi ochiqlamasini hayratomuz deb baholagan. Mazkur kanal o‘tgan yili Livanda amalga oshirilgan peyjerlarni portlatish amaliyotini yodga olgan.

Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 17 sentyabr kuni Livanda ro‘y bergan peyjerlar hamda boshqa elektronika buyumlarining portlashi oqibatida o‘nlab odam, jumladan, bolalar halok bo‘lgan, bir necha ming kishi jarohatlangan edi. Shifokorlar jabrlanuvchilar orasida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotganlar ko‘p ekanini aytgan.

Jahon ommaviy axborot vositalari o‘shanda portlashlar “Mossad” tomonidan amalga oshirilgan maxfiy amaliyot ekani haqida yozgandi. Xususan, Yaqin Sharqdagi hodisalarni yoritishga ixtisoslashgan “Al Monitor” nashriga ko‘ra, Isroil maxsus xizmati “Hizbulloh” harakati Tayvan shirkatidan sotib olgan peyjerlarni mahsulot buyurtmachiga yetib borgunga qadar bo‘lgan jarayonda minalashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

“Sky News Arabia” manbalari fikricha, isroilliklar peyjerlarga kirish imkoniga ega bo‘lib, ularga portlovchi PETN (pentaeritrittetranitrat) moddasini joylashtirgan. Batareyalar qizdirilganda qurilma portlagan.

2016-2021 yillarda “Mossad”ga rahbarlik qilgan Yosi Koen avvalroq Isroil josuslik xizmati tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan diversion operatsiyalar tafsilotlarini ochiqlagandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring