Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi prezident tashabbusiga qarshi chiqdi
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi mamlakat prezidenti Sadir Japarovning o‘lim jazosini qayta tiklashga oid tashabbusini rad etdi. Avvalroq prezident ma’muriyati bolalarni zo‘rlash va shafqatsiz qotillik jinoyatlari uchun o‘lim jazosini qayta tiklashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini Konstitutsiyaviy sudga yo‘llagan edi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan tarqatilgan bayonotda qayd etilishicha, taklif etilgan o‘zgartirishga baho berishda uning Asosiy qonunga ta’siri inobatga olingan.
Ta’kidlanishicha, inson huquqlari Konstitutsiyada oliy qadriyat sifatida belgilangan. Inson huquqlarining himoyasi esa konstitutsiyaviy tuzumning tamalini tashkil etadi. Bu jihatdan o‘lim jazosining bekor qilinishi va yashash huquqi ustuvorligi tan olinishi nafaqat huquq, balki qadriyat jihatdan ham muhimdir.
Konstitutsiyaviy sud xalqaro huquqiy me’yorlarini ham yodga olgan. Qirg‘iziston Asosiy qonuniga muvofiq, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari mamlakat huquqiy tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va davlat ularga rioya etish majburiyatini olgan.
Sud xulosasiga muvofiq, Qirg‘izistonda konstitutsiyaviy o‘zgartirish orqali o‘lim jazosini tiklash Asosiy qonunga zid va yuridik jihatdan imkonsizdir. O‘lim jazosini tiklash haqidagi qonun loyihasi referendumga qo‘yilishi mumkin emas. Konstitutsiyaviy sud qarori kuchga kirishi bilan ushbu loyihani targ‘ib etish bilan bog‘liq barcha harakatlar to‘xtatiladi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil oktyabr oyi boshida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishni va bolalar hamda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari uchun o‘lim jazosini qaytarishni taklif qilgan edi.
Ushbu taklifning berilishiga issiqko‘llik 17 yashar Oysuluv ismli qizning shafqatsizlarcha o‘ldirilgani sabab bo‘ldi. Qizni 41 yoshli erkak o‘g‘irlab ketgani, zo‘rlagani va keyin o‘ldirgani xabar qilingan.
Qirg‘izistonda 2007-yilda o‘lim jazosi bekor qilingan. So‘nggi vaqtlarda voyaga yetmaganlarni o‘ldirish va zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar kuzatilishi manzarasida mazkur jazoni qaytarish taklifi muhokama etilayotgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter