Qoyilmaqom uyqu...

Amerikadagi Kolumbiya universitetida boshqalar qatori bir yigit ham tahsil olardi. Bir kuni u qattiq charchagani bois matematika darsida uxlab qoldi. Mashg‘ulot tugagach, shovqin-surondan uyg‘onib, doskada yozilgan ikkita masalani ko‘rdi. «Uyga borgach yechaman», – dedi o‘zicha.
Biroq uyga qaytib, vazifani yechishga kirishganida anglab yetdi: bu masalalar oddiy emas, judayam og‘ir, yechimi yo‘qdek tuyuldi.
Ammo u to‘xtamadi – kutubxonaga bordi, kitoblarni titib chiqdi, kunu tun izlandi. Har bir daqiqani shu ikki masalaga bag‘ishladi.
Keyingi darsda professor masalaning javobini so‘ramayotganidan hayron bo‘lgan talaba qo‘lini ko‘tardi:
– Ustoz, o‘tgan safar bergan masalalaringizni tekshirmaysizmi? Ular vazifa emasmidi? – deb so‘radi.
Professor kulumsirab javob berdi:
– Yosh do‘stim, men o‘sha paytda sizlarga hali hech kim hal qila olmagan ikkita mashhur matematikning muammosini ko‘rsatganman, xolos. Bu vazifa emas edi.
Talaba bir lahza jim qoldi, so‘ng past ovozda dedi:
– Lekin men ularni yechdim...
Bu so‘zlar shunchaki aytilmagan edi. Masalaning yechimlari keyinchalik haqiqatan to‘g‘ri deb topildi. Bu haqda yozilgan to‘rtta ilmiy ish hozirgacha universitet arxivida saqlanmoqda – inson irodasi va ishonchining buyuk qudratiga yodgorlik sifatida.
Yuqoridagi voqea bizga shuni o‘rgatadi:
Talaba faqat bir narsani bilmagan – «bu mumkin emas» degan gapni eshitmagan. Shuning uchun ham u imkonsiz ishni ado qildi.
Hayot sabog‘i shuki, boshqalar sizning quvvatingizga ishonmasa, o‘zingiz ishoning. Hech qachon chekinmang, taslim bo‘lmang. Boshqalarning chegaralari – sizning chegarangiz emas. Inson ishonsa, ko‘p ishlarni uddalaydi.
Eng muhimi, oldinga intilish, urinish va «bo‘lmaydi» deb hech qachon aytmaslikdir.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter